Mirziyoyev mashhur "Jasliq" qamoqxonasini tugatmoqda

BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi O‘zbekistonga 2002-yildan buyon Jasliq qamoqxonasini yopishni tavsiya etib kelgan
Sputnik

TOShKENT, 3 avg - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatning eng mashhur koloniyasini tugatish qarorini qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston IIV rasmiy saytida xabar berildi. 

Ma’muriy qamoq va maxsus qabulxonalar: yangi tartib qoidalar tasdiqlandi

Xabarda aytilishicha, O‘zbekiston  prezidentining 2019-yil 2-avgust kungi "Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 19-son ixtisoslashtirilgan Jazoni ijro etish koloniyasini tugatish to‘g‘risida"gi qarori bilan Qoraqalpog‘iston Jasliq qo‘rg‘onida joylashgan 19-son ixtisoslashtirilgan jazoni ijro etish koloniyasini tugatish belgilangan.

"Mazkur tarixiy qaror ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarda qonunga itoatkor xulq-atvorni, shaxs va jamiyatga hurmat munosabatini shakllantirishga yo‘natirilgan axloqan tuzatish borasida amalga oshirilayotgan tadbirlar samaradorligini oshirish, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq davlatimizning xalqaro arenalarda ijobiy mavqeyini ilgari surish maqsadida qabul qilinganligi qayd etilgan", - deyiladi xabarda.

BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi O‘zbekistonga 2002-yildan buyon Jasliq qamoqxonasini yopishni tavsiya etib kelgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil aprel oyida AQSh dunyodagi diniy erkinlik holatlari to‘g‘risida rasmiy bayonot e’lon qilgan va unda O‘zbekistonga "Jasliq" qamoqxonasini yopish tavsiyasini bergan. Maxsus komissiya qaroriga ko‘ra, qamoqxonadagi mahbuslarning aksariyati diniy asoslar tufayli ozodlikdan mahrum etilgan.