Elektr energiyasi ortidan: 15-avgustdan isitish tizimi va issiq suv narxi oshadi

Toshkentda joriy yilning 15-avgustidan isitish tizimi va issiq suv ta’minoti narxlari oshadi.
Sputnik

TOShKENT, 1 avg – Sputnik. Toshkentda joriy yilning 15-avgustidan isitish tizimi va issiq suv ta’minoti tariflari oshadi.

Kecha narxi oshirildi, bugun to‘lang: sovuq suv uchun yangi tarif

“Toshissiqquvvati” korxonasi xabariga ko‘ra, aholi uchun markaziy isitish tizimiga bir oylik tarif turar-joy kvadrat metri uchun 1 772 so‘mgacha oshiriladi.

Issiq suv ta’minoti uchun yangi tarif hisoblagichsiz kishi boshiga 20 470 so‘mni tashkil etadi, hisob uskunasi bo‘lganda issiq suv ta’minoti kubometriga 5 242 so‘m etib belgilandi.

Umumiy yuvinish xonasi bo‘lgan yotoqxonalarda yashovchilar uchun issiq suv narxi kishi boshiga bir oyda 15 228 so‘mni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 15-avgustdan benzin, dizel yoqilg‘isi, tabiiy gaz iste’moli va elektr energiyasi uchun narx va tariflar oshgani haqida xabar qilingan edi.