Samarqandda yengil metro quriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatida yengil metro qurish bo‘yicha topshiriq berdi.
Sputnik

TOShKENT, 29-iyul – Sputnik. Samarqand viloyatida yengil metro quriladi, deb xabar qildi Everyday.uz.

Mirziyoyev o‘tkazgan majlisdan keyin qator rahbarlar ishdan olindi

Xabarda aytilishicha, Samarqand tumanidagi eshkak eshish kanali bo‘yida turistik markaz qurilishi rejalashtirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 26-iyul kuni bu yerga tashrif buyurib, shu boradagi loyiha taklifi bilan tanishdi.

Majmua uchun 360 gektar yer ajratilishi, uning 80 gektarida anjumanlar markazi, mehmonxonalar va boshqa obyektlar qurilishi mo‘ljallangan. Mehmonxonalar 5, 4 va 3 yulduzli bo‘lib, barcha toifadagi sayyohlarni qamrab oladi. Sayilgohlar, suzish joylari, sun’iy orolchalar, restoranlar tashkil etiladi.

"Prezidentimiz bu yerda bolalar dam olishi uchun oromgoh qurish bo‘yicha topshiriq berdi. Yurtboshimiz aholiga qulaylik yaratish nuqtayi nazaridan, ya’ni ko‘p aholi yashovchi mavzelardan transport logistikasining yechimi sifatida Samarqandda yengil metro qurish topshirig‘ini ham berdilar. Ushbu loyihalarni amalga oshirish natijasida Samarqand viloyati va Samarqand shahrining eng asosiy daromad manbaiga turizm sohasi aylanishi kutilmoqda" - dedi Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov.