Fransiyada baland ovozda qurillaydigan baqalar ustidan shikoyat qilindi

Shahar hokimiyati ham bu ishni tekshirishga bel bog‘lagan. Dervoning so‘zlariga ko‘ra, uyiga hattoki shahar hokimi o‘rinbosari ham kelgan.
Sputnik

TOShKENT, 29-iyul – Sputnik. Fransiyaning shimolidagi mahalliy hukumat va politsiya bir oydan buyon qo‘shnisining bog‘idagi baqalarning baland ovozda qurillashidan shikoyat qilgan fuqaroning arizasini ko‘rib chiqmoqda, deya yozadi Voix du Nord gazetasi.

Arras shahrida istiqomat qiluvchi Mark Dervoning bog‘ida bahorda bir juft baqa paydo bo‘ladi va avvaliga hech kimga ziyoni tegmaydi. Biroq iyun oyida ko‘payish mavsumi boshlanishi bilan Leon va Jozefina (baqalar laqabi) tunlari o‘zlarining his-tuyg‘ularini jo‘shib, baland ovozda qurillash yo‘li bilan ifodalashni boshlashadi. Natijada qo‘shnilaridan biri huquqni muhofaza qiluvchi organ va hokimiyatga odamning g‘ashiga tegadigan shovqinni bartaraf qilishni so‘rab, ariza bilan murojaat qiladi.

Tumshuq yopildi: Shveysariyada xo‘rozga kechasi qichqirish taqiqlandi

Iyun oyida fuqaroning uyiga ikki nafar politsiyachi tashrif buyurib, baqalarning alohida yashashi uchun sharoit yaratishini so‘rashadi. Dervo ularning ko‘payish mavsumi nihoyasiga yetganini hisobga olib, bu ish o‘z-o‘zidan yechimini topadi deb o‘ylaydi.

Biroq keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, mazkur ish yopilmagan. 27-iyul kuni uning uyiga yana uch nafar politsiya xodimi tashrif buyuradi. Bundan tashqari, shahar hokimiyati ham bu ishni tekshirishga bel bog‘laydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uyiga hattoki shahar hokimi o‘rinbosari ham kelgan.

Bu masalani hal qilish sifatida unga tunda baqalarni garajga kiritib qo‘yish tavsiya qilinadi. Hozircha Dervo va uning rafiqasiga nisbatan yuridik xususiyatga ega talab qo‘yilmagan.

Bu yil yozda Fransiyada hayvonlarning qichqirig‘i bilan bog‘liq sud ishlari ko‘paydi. Iyul oyi o‘rtasida Uaza sudi Koko laqabli xo‘roz egasiga 500 yevro jarima tayinladi.

Shuningdek, erta tongda qichqirib, yaqin atrofdagi kishilarni uyg‘otayotgan Moris laqabli xo‘roz ishi bo‘yicha sud jarayoni ketmoqda.