DXX raisi Abdusalom Azizov Yakkabog‘ga keldi

DXX raisi Abdusalom Azizov Yakkabog‘da bo‘lib sobiq tuman hokimlari faoliyatini tanqid qildi va Eski Yakkabog‘ hududini obod markazga aylantirish vazifasini qo‘ydi.
Sputnik

TOShKENT, 28-iyul – Sputnik. 27-iyul kuni DXX raisi Abdusalom Azizov Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida bo‘lib viloyat mas’ullari bilan muloqot qildi, deb xabar qilmoqda Qashqadaryo ziyokori nashri.

DXX raisi Abdusalom Azizov Yakkabog‘ga keldi

Xabarda aytilishiga ko‘ra, DXX raisi mojaroga sabab bo‘lgan, Bahriddin Isomovga tegishli do‘kon binosi beton va g‘ishtdan qurilganini ta’kidlab, bu binoni buzishga uringan tuman mas’ullari ishini tanqid qilgan.

“Odatda paxsa devordan bo‘lgan yoki bugungi kun talabiga javob bermay qolgan bino buziladi-ku, nega tadbirkorning bu binosiga teginildi?”, - deb koyib gapirdi, — deb Azizovning so‘zlarini keltirgan nashr.

Shuningdek, DXX raisi tadbirkorlarga xalal berish emas, aksincha, yordam berish zarurligini ta’kidladi. Undan so‘ng tuman mulozimlari oldiga Eski Yakkabog‘ hududini bir hafta mobaynida “Obod markaz”ga aylanishi vazifasi qo‘yilgan va buning uchun viloyatdan kerakli yordam berilishi aytilgan.

Tadbirkor tomonidan yoqib yuborilgan hokim o‘rinbosariga nisbatan jinoyat ishi ochildi

Undan tashqari, Yakkabog‘ tuman hokimligi vakillarining harakatlaridan aziyat chekkan Nizom Vohidov, Dilfuza Boqiyeva, Farruh Jabborov kabi uy-joyi buzilgan 7 nafar, hovli devorlari buzilgan 27 nafar, jami 34 kishiga 1,7 milliard so‘m kompensatsiya pullari to‘lab berilishi ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, kecha Yakkabog‘ tuman hokimi va prokurori lavozimidan ozod qilingan, ekskavator bilan binoni shaxsan buzishga uringan hokim o‘rinbosari ustidan jinoyat ishi ochilgan edi.