Avtoekspert nima sababdan “tonirovka” jazirama issiqdan himoya qilmasligini tushuntirdi

Mustaqil avtoekspert Aleksey Sharapov tusi qoraytirilgan oyna yuqori haroratdan qutqarishi mumkin, degan fikrlarni rad etdi.
Sputnik

O‘zbekistonda ayni kunlarda jazirama ob-havo harorati kuzatilmoqda va haydovchilarning yuqori haroratdan himoyalanishga ehtiyoji ortib borayotganligi hech kimga sir emas. Ayrimlar jaziramadan himoyalanishning chorasi mashina oynasini qoraytirish deb bilmoqda.

Mustaqil avtoekspert Aleksey Sharapov “tonirovka” quyosh nurlaridan va tirbandlikda begonalarning yeb qo‘ygudek nigohidan xalos qilishi mumkinligini aytib, jazirama issiqdan himoya qilmasligi haqida ogohlantirdi.

“Siz qora ko‘zoynak taqqaningizda quyosh ko‘zingizni qamashtirmaydi va siz atrofni yaxshi ko‘ra olasiz, mashinada esa hammasi aksincha: “tonirovka” sizga xalaqit beradi va harakatda xavf tug‘dirishi mumkin. Menimcha, “tonirovka” g‘oyat xavfli”, - dedi Sharapov Sputnik O‘zbekistonga bergan intervyusida.

Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan avtomobil oynalari quyosh nurlarining bir qismini to‘sadi va jazirama issiqdan himoya qilishga mo‘ljallangan.

Ekspert mashinaga o‘tirgan vaqtda oynalarni oxirigacha yopmasdan konditsionerlardan foydalanishni va mashina havosini tez-tez yangilashni tavsiya qildi.

Quyida ekspertning to‘liq izohini rus tilida tinglashingiz mumkin.

Avtoekspert nima sababdan “tonirovka” jazirama issiqdan himoya qilmasligini tushuntirdi

O‘zbekistonda texnik reglamentga muvofiq bo‘lmagan ko‘zgusimon va qoraytirilgan oynali transport vositalaridan foydalanganlik uchun jarima miqdori 5 068 250 so‘mni tashkil etadi.

Mamlakatda jismoniy shaxslar uchun EKIHning 90 baravari (18 245 700 so‘m), yuridik shaxslar uchun EKIHning 120 baravari (24 327 600 so‘m) evaziga ichki ishlar organlari ruxsatnomasi asosida oynalarining tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) yengil avtotransport vositalaridan foydalanishga ruxsat berilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari avtomobillar oynalarini parda bilan to‘sishga ruxsat berish bo‘yicha taklif kiritgani xabar qilingan edi.

Bundan tashqari, “Adolat” SDP deputatlari avtomobilni jazirama issiqdan himoya qilishning yangi usulini muhokama qilib, termal plonka avtomobil salonini quyoshning ultrabinafsha nurlaridan saqlab, jaziramada isib ketishini bir muncha kamaytirishini ma’lum qilishgan edi. Ular termal plonka o‘zining xususiyatiga ko‘ra, tonirovka plonkasidan ancha ustunlikka egaligi va haydovchilar uchun ham yon-atrofni ko‘rishga xalaqit bermasligi, eng asosiysi, transport vositasining ichidagi shaxslar tashqaridan bemalol ko‘rinishi va hech kimning xavfsizligiga daxl qilmasligini ta’kidlashgan edi.