Farg‘onada Ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish markazini qurish boshlandi

Farg‘ona shahar Kasb-hunarga o‘qitish markazi bu yo‘nalishda KOICA bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan to‘rtinchi loyiha hisoblanadi.
Sputnik

TOShKENT, 25-iyul — Sputnik. 24-iyul kuni Farg‘ona shahrida Ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish markazining tamal toshini qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Sputnik O‘zbekiston muxbiriga ma’lum qildi.

Marosimda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muhitdinov, Koreya O‘zbekistondagi elchisi Kan Chje Kvon, KOICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Son Song Il hamda shahar faollari va aholi vakillari ishtirok etdi.

Farg‘onada Ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish markazini qurish boshlandi

Farg‘ona shahar Kasb-hunarga o‘qitish markazini tashkil etish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori hamda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan hamkorlik doirasida amalga oshirilmoqda.

Mazkur loyiha 2018-2022 yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, markazda bir vaqtning o‘zida 240 nafar o‘quvchi axborot texnologiyalari, elektr va elektronika, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, tikuvchilik, sartaroshlik singari qator yo‘nalishlar bo‘yicha kasbiy ta’lim olish imkoniga ega bo‘ladi.

Farg‘ona shahar Kasb-hunarga o‘qitish markazi bu yo‘nalishda KOICA bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan to‘rtinchi loyiha hisoblanadi. Bugungi kunda Toshkent (2012), Shahrisabz (2016), Samarqand (2018) shaharlarida bu kabi kasb-hunarga o‘qitish markazlari faol ishlab kelmoqda.