O‘zbekistonliklarning o‘rtacha oylik ish haqi ma’lum qilindi

O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan korxona va tashkilotlarda ishlovchilarning o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi miqdorini ma’lum qildi.
Sputnik

TOShKENT, 22-iyul – Sputnik. 2019-yil yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan korxona va tashkilotlarda ishlovchilarning o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 2 million 92,6 ming so‘mni  tashkil etgan, bu esa 2018-yilning mos davriga nisbatan 30,1 %ga o‘sgan. Raqamlar Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.

O‘zbekistonda 1-avgustdan ish haqi, pensiya va stipendiya miqdori oshiriladi

Qo‘mita ish haqiga ustama, mukofot, rag‘batlantirish xususiyatiga ega to‘lovlar, kompensatsiya va ishlanmagan vaqt uchun haq kabi to‘lovlarni kiritgan, shuningdek, uning tarkibida jismoniy shaxslar daromad solig‘i va kasaba uyushmasiga to‘lovlar ham mavjud.

Qayd etilishicha, respublika bo‘yicha 2019-yil yanvar-iyun oylarida 2018-yilning mos davriga nisbatan iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqining yuqori o‘sish sur’ati sog‘liqni saqlashda 37,2 %, ta’lim sohasida 35,3 %, bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyatida 31,8 %, sanoatda 23,0 % va qurilishda 22,9 % kuzatilgan.

O‘zbekistonda 1-avgustdan jarimalar miqdori ham oshadi

O‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi ko‘rsatkichini respublika hududlari bo‘yicha ko‘radigan bo‘lsak, o‘rtacha oylik ish haqining yuqori miqdori Toshkent shahrida 2 mln 971,9 ming so‘mni (respublikadagi o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan 142,0 foiz), Navoiy viloyatida 2 mln 659,5 ming so‘mni (127,1 %) va Toshkent viloyatida 2 mln 300,7 ming so‘mni (109,9 %) tashkil etgan bo‘lsa, Samarqand viloyatida 1 mln 738,2 ming so‘mni (83,1 %), Surxondaryo viloyatida 1 mln 722,8 ming so‘mni (82,3 %), Namangan viloyatida 1 mln 720,0 ming so‘mni (82,2 %) tashkil etib, boshqa hududlarga nisbatan kam miqdorga ega bo‘lmoqda.