Namangan viloyatida sement zavod qurilishi boshlandi

Yangi zavodda yiliga 1,5 million tonna sement ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Sputnik

TOShKENT, 22-iyul – Sputnik. Namangan viloyatida yirik sement zavod qurilishi boshlandi.

O‘zbekistonlik investor Tojikistonda zavod quradi

Sputnik O‘zbekiston muxbiri xabar qilishicha, Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida O‘zbekiston-Xitoy “Namangan Jinmingyang building materials” zavodi qurilishi boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir o‘tkazildi.

Zavod loyihasi 105 million dollarni tashkil qiladi. Bu zavod keyingi yilning to‘rtinchi choragida ishga tushirish rejalashtirilgan.

Yangi zavodda yiliga 1,5 million tonna sement ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Tantanali marosimda Namangan viloyati hokimi Hayrulla Bozorov, xitoylik investor va mutaxassislar, viloyat hokimligi va OAV vakillari ishtirok etdi.

“Namangan viloyatida 2017-yil yakuni bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 7,5 million dollarni tashkil qildi. 2018-yilda bu ko‘rsatkich 74 million dollargacha ko‘paydi. 2019-yilda 125 million dollarga yetdi. Yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkichni 400 million dollarga yetkazishni rejalashtirdik”, - deb ta’kidladi viloyat hokimi.

“Namangan Jinmingyang building materials” 40 gektar maydonda barpo qilinadi, bu zavod “Bunyodkor Maxsudbek Fayz” va Xitoyning “Hebei Yijia Cheng Trading Co. LTD” kompaniyasi tomonidan tashkil qilinadi. Xitoyliklar bu loyihaga 90 million dollar, qolgan qismini esa O‘zbekiston tomoni kiritadi.

Zavodda zamonaviy asbob-uskunalar o‘rnatiladi. Loyiha amalga oshirilishi natijasida 700  dan ortiq ish o‘rinlar yaratiladi.