Menni Pakyao – 40 yoshida yana chempion bo‘ldi

Eng keksa chempion - 40 yoshli Menni Pakyao 30 yoshli Kit Turmandan chempionlik belbog‘ini tortib oldi.
Sputnik

TOShKENT, 21-iyul – Sputnik. Dunyoning eng shiddatli bokschisi nomini olgan filippinlik Menni Pakyao yana bir afsonaviy g‘alabaga erishdi. Shanba oqshom AQShda bo‘lib o‘tgan jangda Pakyao hakamlar qarori bilan g‘olib deb topildi.

Menni Pakyao – 40 yoshida yana chempion bo‘ldi

Professional bokschilarning 12 raunli jangi juda qiziq bo‘ldi. 30 yoshli Kit Turman jangni juda faol boshladi. Raund boshida uning usuvorligi yaqqol sezilib tursada raund o‘rtasida filippinlik bokschi raqibini nokdaunga uchratishga muvaffaq bo‘ldi. Pakyao ustuvorligi beshinchi raundgacha davom etdi. Oltinchi raundga kelib Kit Turman ham o‘zini ko‘rsata boshladi. Uning zarbalari aniqroq va kuchliroq tusha boshladi. Ustiga ustak Pakyaoning ham charchagani sezila boshladi.

Shunga qaramasdan 10 Raundda  Pakyao Turmanning jigariga yaxshigina zarba tushira oldi. Natijada Turman hujumlari biroz susaydi. Oxirgi raundlar ikkala bokschining o‘zaro zarba almashishlariga boy bo‘ldi. Bunday mushtlashuvda kim ko‘proq zarba tushirdi kim kamroq – aniqlash juda mushkul bo‘ladi. Lekin yon hakamlar hammasini hisoblab chiqishdi. Natijada hakamlar qarori bilan g‘alaba pakyaoga tegishli deb topildi. 

Shu o‘rinda Kit Turman haqida ham ikki og‘iz aytib o‘tamiz. Bu uning karyerasida birinchi mag‘lubiyat bo‘ldi. Turman jang oldidan o‘zini juda agressiv tutgan va Pakyaoni birinchi raunddayoq nokautga uchratishni va’da bergan edi. "Ishoning ushbu jangdan keyin Pakyao pensiyaga chiqadi. Unda ringga qaytishga boshqa xoxish paydo bo‘lmaydi", - degan  edi u o‘z muxlislariga. 

Lekin ushbu jangda tajriba yoshlik va kuch ustidan g‘alaba qozondi. Shu bilan filippinlik afsonaviy Pakyao yana bir “jahon chempioni” kamarini qo‘lga kiritdi va ushbu kamar bilan – eng keksa jahon chempio unvonnini ham qo‘lga kiritdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Eslatib o‘tamiz, Menni Pakyao 1978-yilda Filippinning Kibave shahrida o‘ta kambag‘al oilada tug‘ilgan. U jahon chempionati turnirlarida 1995-yildan boshlab ishtirok eta boshlagan.

O‘zbek bokschisi Xurshid Tojiboyev APB versiyasi bo‘yicha chempion bo‘ldi.

Pakyao o‘zining juda tez seriyali zarbalari va WBC va WBA turnirlarida 8 marotaba turli vazn toifalarida chempion bo‘lgani bilan mashhur. Undan tashqari Pakyao bir necha marotaba yilning “eng yaxshi bokschisi”, “eng yaxshi sportchisi” kabi unvonlariga ham sazovor bo‘lgan.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Menni Pakyao o‘z sport karyerasida  70ta jang o‘tkazib ulardan 61 tasida g‘alaba qozongan.

O‘z yurtida Menni pakyao haqiqiy qahramon hisoblanadi. U jang qilgan kunlari ko‘chalab bo‘shab hatto jinoyatchilik darajasi ham nolga tushib ketadi. Hamma boks tomosha qiladi, deb yozadi OAVlar.