O‘zbekiston Xitoydan 24 ta elektrovoz xarid qiladi

Xitoy O‘zbekistonga elektr energiyasini tejaydigan 24 ta elektrovoz yetkazib beradi. Ular og‘ir yuklarni tog‘ sharoitida tashish imkoniyatiga ega.
Sputnik

TOShKENT, 19-iyul — Sputnik. Xitoyning CNTIC-CRRC DLOCO konsorsiumi O‘zbekistonga elektr energiyasini tejaydigan 24 ta elektrovozlar yetkazib beradi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot xizmati xabariga ko‘ra, kompaniya va lokomotiv ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvda tegishli shartnoma imzolangan.

O‘zbekiston 24ta zamonaviy lokomotiv sotib oladi

“Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar, xususan, temir yo‘l sohasidagi samarali hamkorlik izchil rivojlanib borayotganligiga alohida e’tibor qaratildi. Shu o‘rinda, elektrovozlarning 24 tasiga (shu jumladan, 16 ta yuk va 8 ta yo‘lovchi hamda yuk tashishlarga mo‘ljallangan) shartnomaning imzolanishi ikki davlat aloqalarini kengaytirishdagi yorqin tasdig‘i va yana bir qadam ham desak mubolag‘a bo‘lmaydi”, -deyiladi xabarda.

Ma’lum qilinishicha, yangi lokomotivlar yo‘lovchi va yuklarni tashishga mo‘ljallangan bo‘lib, shu jumladan og‘ir yuklarni tog‘ sharoitida tashish imkoniyatiga ega. Ularda qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar elektr energiyasini tejash bilan birga yonilg‘i iste’molni ham kamaytiradi. Ekologik xavfsizlik bo‘yicha xalqaro talablarga javob beradigan mazkur lokomotivlar asenxron tortish elektr dvigatellari bilan jihozlangan.

Ushbu loyiha Osiyo taraqqiyot bankining qarz mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Loyihani amalga oshirish muddati – 2019-2020 yillar.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston temir yo‘llari uzunligi 4669 km. Respublikada tashiladigan yuklarning 40 % va yo‘lovchilarning 4% - temiryo‘l transportida amalga oshiriladi. Ayni damda mavjud temir yo‘llarning 50%dan ko‘pi – elektrlashtirilgan.