Shavkat Mirziyoyev “Turizm to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi

Jismoniy va yuridik shaxslarga turizm obyektlari to‘g‘risida ma’lumot beruvchi hamda ularni targ‘ib qiluvchi turistik axborot markazlari tashkil etiladi.
Sputnik

TOShKENT, 19-iyul — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Turizm to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Qonun bilan Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi turizm sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilandi.

Jismoniy va yuridik shaxslarga turizm obyektlari to‘g‘risida ma’lumot beruvchi hamda ularni targ‘ib qiluvchi turistik axborot markazlari tashkil etiladi.

Qonunga muvofiq, turoperatorlik va turagentlik faoliyati, shuningdek, sayohatlar tashkil etishga doir boshqa faoliyat turistik faoliyat hisoblanadi.

O‘zbekiston turistlar oqimini 10 million kishigacha oshirmoqchi

Turoperatorlar va turagentlar faoliyati litsenziya asosida amalga oshiriladi. Litsenziya amal qilish muddati cheklanmagan holda beriladi.

Ekskursiya xizmatlari ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lgan jismoniy shaxslarga turistik faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun litsenziya olish talab qilinmaydi.

Gidlar (gid-tarjimonlar), ekskursiya yetakchilari va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilar Qo‘mita tomonidan beriladigan sertifikat olganidan keyin, yuridik shaxs tashkil etmasdan mustaqil ravishda xizmatlar ko‘rsatishi mumkin.

Qonunga muvofiq, Qo‘mita O‘zbekistonning Milliy turistik belgisini ishlab chiqadi. Mazkur Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq bir yil ichida 60 mingga yaqin xorij fuqarosiga O‘zbekistonga kirish elektron vizasi berilgani xabar qilingan edi.