Buxoroda oyparastlik xastaligiga chalingan yigit mashinani olib qochdi

Fuqaro olib qochilgan avtoulovda kirakashlik qilishga ham ulgurgan.
Sputnik

TOShKENT, 18-iyul — Sputnik. Buxoroda o‘zini avtomashinalarni yuvish shoxobchasi ishchisi sifatida tanishtirgan va Business Pride MChJga tegishli bo‘lgan Ravon Nexia 3 avtomobilni olib qochgan shaxs qo‘lga olindi, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari qisqa muddati ichida jinoyatchini qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lishgan. Jinoyatchi Qorovulbozor shahrida qo‘lga tushgan.

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasining Sputnik᾽ka ma’lum qilishicha, ushbu jinoyatni Namangan viloyatidan bo‘lgan 20 yoshli fuqaro sodir etgani aniqlangan. U 15-iyul kuni mashinani aldov yo‘li bilan olib qochgan.

Hodisa soat 05:54 sodir bo‘lgan. Haydovchi avtomashinasini yuvdirish maqsadida shaharda joylashgan avtomobillarni yuvish shoxobchasiga olib kelgan. Eshiklari qulf bo‘lganligi sababli, shoxobcha oldida turgan va o‘zini shu yerda ishlovchi sifatida tanishtirgan no’malum shaxsga yuvib, tozalab qo‘yishi uchun avtomashinasining kalitini qoldirib ketgan.

Buxoroda oyparastlik xastaligiga chalingan yigit mashinani olib qochdi

Haydovchi soat 08:00larda avtomashinasini olib ketish maqsadida  kelgan. Biroq avtomashinasi bo‘lmaganligi sababli ishchilaridan avtomoshinasini qoldirgan shaxsni so‘ragan, ular esa uning mashinasini ko‘rmaganligini va bu yerda bunday fuqaro ishlamasligini aytganlaridan so‘ng IIBga mashinasi olib qochib ketilgani haqida xabar qilgan.

16 iyul kuni Buxoro viloyati IIB noma’lum shaxs avtomobillarni yuvish shoxobchasidan avtomashinani olib qochgani, kuzatuv kameralarida tasvirga tushib qolgan gumonlanuvchi shaxsni hamda avtomashinani ko‘rganlardan IIBga murojaat qilishlarini so‘ragan.

Buxoroda oyparastlik xastaligiga chalingan yigit mashinani olib qochdi

Xuddi o‘sha kuni mashinani olib qochgan shaxs ushlangan. Viloyat IIB xabariga ko‘ra, avtoulovga ega bo‘lgan yigit kirakashlik qilishga qaror qiladi. Yo‘lda uni to‘xtatgan mijoz Qorovulbozorgacha eltib qo‘yishni so‘raydi. Shunday qilib, u o‘sha yerda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan qo‘lga olinadi.

“Ma’lum bo‘lishicha, yigit oyparastlik xastaligidan aziyat chekadi va xatti-harakatlarining sabablarini tushuntirib bera olmaydi”, - deya xabar qildi viloyat IIB.

Shunga qaramasdan, hozirda mazkur holat yuzasidan ushbu shaxsga nisbatan O‘zbekiston JKning 267-moddasi 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan va jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

IIBning ma’lum qilishicha, mazkur jinoyat – Buxoro uchun kamdan-kam uchraydigan holat. So‘nggi olti oy ichida shunga o‘xshash atiga ikkita holat qayd etilgan.