“Vertolot kerak bo‘lsa, Mudofaa vazirligidan olib turamiz” — FVV

Vazirlik vakilining so‘zlariga ko‘ra, FVVni vertolot bilan ta’minlash masalasi o‘z yechimini topadi.
Sputnik

TOShKENT, 17-iyul – Sputnik. 16-iyul kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi mutasaddi xodimlari ishtirokida jurnalistlar bilan intervyu bo‘lib o‘tdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar qildi.

Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi, uning hududiy va tarkibiy tuzilmalari Ichki ishlar vazirligidan Favqulodda vaziyatlar vazirligiga o‘tkazilishi natijasida soha oldiga yangi vazifalar qo‘yilgani ma’lum qilindi.

Fransiyaning Airbus kompaniyasi O‘zbekistonga "Olmaxon" nomli vertolotlarni yetkazib beradi

Endi FVV — yong‘in xavfsizligini ta’minlashda davlat siyosatini yurituvchi vakolatli organ hisoblanadi.

Muloqot davomida Nukus, Qarshi, Samarqand, Farg‘ona shaharlarida yirik ko‘lamli favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga mo‘ljallangan hududiy yong‘in qutqaruv otradlari tuzilishi aytildi.

OAV vakillari tog‘li hududlarda tezkor yordam zarurati tug‘ilganda yoki katta hajmli maydonlarda yong‘in kelib chiqqanda voqea joyiga yetib borish uchun foydalaniladigan texnikalar xususida savol berdi.

Mutasaddilar ayni vaqtda Favqulodda vaziyatlar vazirligi tasarrufida vertolot mavjud emasligini bildirdi.

“Vertolot kerak bo‘lganda Mudofaa vazirligidan olib turamiz, bunda biz yoqilg‘i bilan bog‘liq xarajatlarni qoplab beramiz”, — dedi Favqulodda vaziyatlar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Dadaxonov.

Vazirlik vakilining so‘zlariga ko‘ra, FVVni vertolot bilan ta’minlash masalasi o‘z yechimini topadi.

IIBB yo‘llarni harbiy vertolotda nazorat qiladi

“Favqulodda vaziyatlar vazirligiga vertolot ajratish va vertolotlardan foydalanish bo‘yicha Qaror loyihasi tayyorlangan, — dedi Yong‘in xavfsizlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Sanjar Zufarov. — Bu masala hatto davlat Dasturiga ham kiritilgan. Rejaga muvofiq 2020-yilda bizning tizimga ham vertolot berilishi mumkin”.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya O‘zbekistonga 12 ta harbiy vertolet yetkazib berishi xabar qilingan edi.