Ertaga “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish loyihasi imzolanadi

Ertaga O‘zbekistondan Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha 10-yillik loyiha imzolanadi.
Sputnik

TOShKENT, 16-iyul — Sputnik. O‘zbekiston va Afg‘oniston ertaga, 17-iyul kuni “Surxon – Puli-Xumri” LEP-500 -  elektr uzatish liniyasi loyihasini imzolaydi. Bu haqida Sputnik muxbiriga prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev xabar qildi. 

“Ertaga bo‘lib o‘tadigan qo‘shma komissiyamiz yig‘ilishida vazirimiz aytib o‘tgan elektr energiyasini uzatish  - LEP 500 Surxon-Puli-Xumri proyektiga qo‘l qo‘yamiz va shu bilan birgalikda O‘zbekiston va Afg‘oniston hukumatlari o‘rtasida 10-yil davomida bu elektr quvvatini sotib olish bo‘yicha sharnomaga ham imzo chekib, bu proyektni amalga oshirishni boshlaymiz”, - dedi Irgashev.

Ma’lumot uchun, ushbu elektr uzatish liniyasining dastlabki qiymati 150 million dollar bo‘ladi va undan 32 millioni O‘zbekiston ichida amalga oshiriladigan ishlar uchun qolgan 118 millioni Afg‘onistonda bajariladigan ishlarga sarflanadi. Elektr uzatish liniyasi uzunligi 260 kilometrni tashkil qiladi, undan 45 kilometri O‘zbekiston hududi bo‘ylab, 215  kilometri – Afg‘oniston hududi bo‘ylab o‘tadi.

O‘zbekiston Afg‘onistonga eksport hajmini uch milliard dollarga yetkazmoqchi

Loyiha o‘zini qoplash muddati – 12-yil, o‘tkazish quvvati – 1000 MVt. Ya’ni undan qo‘shni mamlakatga kuniga 24 mln Vt/soat, yiliga esa 6 milrd kVt/soat energiya yetkazib berish mumkin.  

Bugungi kunda Afg‘onistonda elektr energiyasiga juda katta ehtiyoj mavjud, O‘zbekiston bo‘lsa – uning asosiy yetkazib beruvchisidir. Kelajakda yetkazib berilayotgan energiya hajmi oshishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Afg‘onistonga 2002-yildan buyon elektr energiyasi yetkazib beradi. 2002-yilda 62 mln kVt/soat bo‘lsa 2018-yilda yetkazib berilgan energiya hajmi – 2 mlrd. kVt/soatga yetdi.