Buxorolik 34 yashar Akmal Yo‘ldoshev besh yil davomida mahalliy hukumatdan to‘laqonli hayvonot qurilishi uchun ruxsat olishga harakat qilib kelmoqda. Hayvonot bog‘i hozircha shahardagi yagona bo‘lgan park hududida joylashgan va zo‘rg‘a o‘z kunini ko‘rmoqda.
Buxorodagi ilk hayvonot bog‘i o‘n yil oldin Somoniylar parkida paydo bo‘lgan. Uning to‘laqonli hayvonot bog‘i deb atab ham bo‘lmaydi: apil-tapil qurilgan bir necha to‘siqlar va sanoqli hayvonlar bor, xolos. Shunday bo‘lsa-da, shaharda buxoroliklar o‘z farzandlarini olib borishi mumkin bo‘lgan yana bitta joy paydo bo‘ldi, deyish mumkin. Shaharda qiziqarli va foydali ko‘ngil ochar joylar yo‘qligini hisobga olganda, bu juda muhim.
2012 yilda xuddi shu hayvonot bog‘ining yangi egasi yosh tadbirkor Akmal Yo‘ldoshev bo‘ldi. Bu joyga egalik qilish uchun u bir necha yillar oldin Rossiyada ishlab topgan puliga xarid qilgan kvartirasini sotishiga to‘g‘ri kelgan. Ammo bu pullar ham kamlik qildi, yigit hayvonot bog‘i egasidan qarzdor bo‘lib qoldi.
"hayvonot bog‘i o‘shanda to‘rt nafar boyo‘g‘li, ikkita burgut va uchta uy to‘ng‘izidan iborat edi. Oxirgilarini egasi oxir-oqibat olib ketdi", - deb hikoya qiladi Yo‘ldoshev.
Hayvonot bog‘i yoki oila
Oradan bir oz vaqt o‘tgach, hayvonot bog‘ining sobiq egasi Termiz hayvonot bog‘idan ikkita urg‘ochi sherni olib kelishni taklif etadi. Buning uchun esa, tabiiyki, mablag‘ kerak edi. Akmal rozi bo‘ladi, faqat bu gal ham uning qarz olishiga to‘g‘ri keladi. Yigitdan pullarni sanab olgan erkak esa izsiz yo‘qoladi.
Yosh tadbirkor bu qarzlarni to‘rt yil davomida to‘lashiga to‘g‘ri kelgan. Bu orada u mashinasini, ayolining qimmatbaho taqinchoqlarini va hatto kvartirasi savdosidan so‘ng qolgan uy jihozlarini-da chiqarib pullaydi.
Ammo qani edi "surpriz"lar bu bilan yakun topgan bo‘lsa? Ma’lum bo‘lishicha, hayvonot bog‘i rasman umuman mavjud bo‘lmagan. U joylashgan hudud park zonasiga kirgan va sobiq egasi bu yer uchastkasini shunchaki ijaraga olgan ekan. Parkdagi attraksion egalari ham xuddi shunday tamoyil asosida ishlasharkan. Bundan kelib chiqadiki, hayvonot bog‘i o‘rniga Yo‘ldoshevga parkda yerni ijaraga olgan va sariq chaqa ham turmaydigan xususiy firma sotilgan, xolos.
"Men endigina Rossiyadan qaytgan va bu kabi huquqiy ikir-chikirlardan yiroq edim. Jonivorlarni jon dilimdan yaxshi ko‘rganim uchun, hayvonot bog‘i sotilayotganini eshitib, hech bir shubhasiz uni xarid qilishga ahd qilganman", - deya tushuntiradi u ro‘y bergan hodisani.
Mana shu voqea oilada janjallarga sabab bo‘ladi, er-xotin ajrashish yoqasiga kelgan, ota-onasi esa hayvonot bog‘ini sotishni maslahat bergan edi.
Hayvonot bog‘idagi yangi hayot
Bularning barchasiga qaramay, Akmal ruhan tushmadi. U o‘z biznesini ochdi va oziq-ovqat yetkazib berish bo‘yicha dilerlik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Daromadining bir qismini hayvonot bog‘iga sarfladi. Shu tufayli u yangi volyerlar, podsobkalarni qurishga muvaffaq bo‘ldi, ko‘chat ekdi va yangi jonivorlarni xarid qildi. Hozir bu yerda bo‘rilar, shoqollar, yaklar, tulkilar, olmaxonlar, maymunlar bor. Aytgancha, maymunlardan biri yaqinda ona bo‘lgan va o‘z dilbandini bir soniyaga ham qo‘yib yubormaydi.
2015 yilda shervachchalar dunyoga keldi. To‘rt yil ichida ular katta sherga aylanishga ulgurishdi va bugungi kunda Akmalga o‘z muhabbatlarini namoyon etishga uyalishmaydi. Sherlar faqatgina Akmalga o‘zlarini silashga ruxsat beradi.
Bu orada oiladagi munosabatlar ham izga tushdi. Bugun er-xotin to‘rtinchi farzand tug‘ilishini kutmoqda. Yaqinlari hatto tadbirkor yigitga yordam berishni boshlashdi, bugun ular birgalikda hayvonlarni parvarish qilishmoqda. Bu esa yordamchi ish kuchiga ketadigan harajatlarni ancha tejamoqda.
"Ha, oson bo‘lmagan. Boshimizdan nelarni o‘tkazmadik. Shunday vaqtlar bo‘lgan-ki, hatto ovqatga pul topolmaganmiz. Ammo men oxirigacha borishga o‘rganganman. Yaqinlarim menga yomon gapirishni to‘xtatib, aksincha, yordam berishni boshlagan kundan hammasi o‘zgardi", - deydi yuzida tabassum bilan Akmal.
Qiyinchiliklar chekingani yo‘q
Ammo bularning barchasiga qaramay, qiyinchiliklar ortga chekingani yo‘q. Hayvonot bog‘ini avvalgidek to‘laqonli hayvonot bog‘ini to‘laqonli deb atab bo‘lmaydi. Asosiy muammo albatta pul yetishmasligi bilan bog‘liq. Hatto kirish chiptasi narxini hisobga olganda ham, hayvonot bog‘iga keluvchilar soni ko‘p emas. Shunday bo‘lsa-da, yer uchun ijara puli oyma-oy to‘lab boriladi.
Somoniylar parki direktori Tolib Abdullayevning aytishicha, tadbirkor hududi davlatga tegishli bo‘lgan park bilan shartnoma tuzgan va endi barcha shartlarga, shu jumladan moliyaviy tomondan bo‘lgan shartlarga ham amal qilishga majbur.
"2018 yilgi ijara haqi uchun qarzdorlikni undirish uchun biz sudga berishga majbur bo‘lganmiz. Agar bu yil ham bu holat takrorlansa, biz yana sudga da’vo arizasini kiritamiz", - deydi Abdullayev.
"Chipta narxi uch ming so‘mdan besh ming so‘mgacha. Bir kunda hayvonot bog‘iga 30 nafardan 50 nafargacha odam kelishi mumkin, - deydi Yo‘ldoshev. - Biz yangi jonivorlarni xarid qilganmiz, ularning oziq-ovqat harajatlari ham o‘z-o‘zidan oshdi. Bundan tashqari, hududni obodonlashtirish ishlariga kattagina pul sarflanmoqda. Agar chetda biznesimiz bo‘lmaganida, allaqachon yopilgan bo‘lar edik".
Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, parkning sobiq rahbariyati bu tashvishlarni yaxshi tushungan va unga ko‘mak tarzida ijara to‘lovidan ozod qilgan. Aynan shu tufayli hayvonot bog‘ida ko‘pgina ishlarni amalga oshirishga imkon tug‘ilgan. Ammo parkning yangi direktori sobiq rahbardan farqli ravishda, tadbirkor ijara pulidan ozod etilishi kerak, deb hisoblamaydi.
Tumanli istiqbollar
Tadbirkorning fikricha, hozirgi sharoitdan chiqishning birgina yo‘li - hayvonot bog‘ini kengaytirishda. Bu hayvonot bog‘ini turistik shaharga monand qilish uchun esa, Yo‘ldoshev hatto yana kredit olishga va qarzga botishga ham tayyor.
Hozircha esa, tadbirkor hayvonot bog‘ining ertangi kunini o‘ylab, hadik bilan yashaydi. Axir undan istalgan vaqtda park hududini bo‘shatib qo‘yishni talab qilishlari mumkin. Mana shu noaniqlik, bugungi kunda yaratilgan hududga pul tikishga to‘sqinlik qilmoqda.
Hayvonot bog‘ining yangi loyihasida terrarium, okeanarium, yopiq botanika bog‘ini yaratish ko‘zda tutilgan. Ushbu hujjat hatto hokimiyat tasdig‘idan ham o‘tgan. Lekin bu loyihani amalga oshirish uchun biznesmenga o‘z territoriyasi kerak.
"Hamma buxoroliklar ham ushbu hayvonot bog‘i borligini bilishmaydi. Men esa hatto reklama berolmayman, chunki bu yerdagi shart-sharoitlar hali jozibador emas... Axir ular tirik jonzot-ku! Bu yerga kanalizatsiya, ventilyatsiya tizimi kerak… Bular kattagina harajatni talab etadi. Aniqlik bo‘lmagunga qadar men bu yerga pul tikishga qo‘rqaman", - deya tushuntiradi u.
Shahar hokimligiga bu voqea yaxshi tanish. Hokim o‘rinbosari Baxtiyor Maxsudovning tushuntirishicha, masalani o‘rganish uchun shahar hokimi administratsiya vakillari bir necha marotaba parkka chiqishgan. Amaldor hayvonot bog‘i uchun yer ajratish masalasi ko‘rib chiqilayotganini aytib, ishontiradi.
Uning gaplarini 2014-yildan buyon yer olishga harakat qilib kelayotgan Yo‘ldoshev ham tasdiqlaydi. Tadbirkorning aytishicha, hukumat ushbu loyihaga qiziqish bildirgan, park territoriyasi mos kelmasligi uchun unga kattaroq maydonga ega bo‘lgan hududni ajratib berish va’dasi berilgan.