TOShKENT, 12-iyul – Sputnik. 2019-yil 10-iyuldan Toshkent shahridagi MEI MTU filialida 2019/2020 o‘quv yili uchun abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish boshlandi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Qabul hujjatlari Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi O‘zbek-Yapon yoshlar innovatsiya Markazi binosida qabul qilinadi.
Hujjatlar 25-iyulgacha qabul qilinadi.
2019/2020 o‘quv yili uchun Toshkent shahridagi “MEI” Milliy tadqiqot universiteti” Federal davlat budjeti oliy ta’lim muassasasi filialida bakalavrlarni tayyorlash qabul kvotasi 150 nafar etib belgilandi, umumiy qabul kvotasining 30%ini O‘zbekiston Respublikasi davlat buyutmasi (budjeti) hisobidan tashkil etiladi.
Quyidagi bakalavr ta’lim yo‘nalishlar bo‘yicha tanlov e’lon qilinadi:
- Issiqlik energetikasi va issiqlik texnikasi – 50;
- Elektr energetikasi va elektr texnikasi – 100.
Abituriyentlarga bir nechta oliy ta’lim muassasalariga ariza berish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida filial tomonidan hujjatlarni nusxalarini notarial tasdiqlangan rus tilidagi tarjimasi bilan qabul qiladi.
Filial bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida e’tirof etilgan “MEI” MTUning belgilangan turdagi diplomi beriladi.