Sidiqov: “O‘zbekneftgaz”ni jahon bozoriga olib chiqish – asosiy yo‘nalishlarimizdan biri

“O‘zbekneftgaz” keyingi yildan yevroobligatsiyalarni chiqarishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Sputnik

TOShKENT, 12-iyul - Sputnik. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, “O‘zbekneftgaz” AJ, “O‘ztransgaz” AJ rahbar xodimlari ishtirokida brifing va jurnalistlar bilan muloqot bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

Unda “Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, neft-gaz tarmog‘ini moliyaviy sog‘lomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 9-iyuldagi prezident Qarori mohiyati va ijrosi yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi.

"O‘ztransgaz" - aholiga gaz yetkazib beruvchi va eksport qiluvchi yagona tashkilotga aylanadi

“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Bahodir Sidiqov mazkur qaror qabul qilinishi tarixiy voqea ekanini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qarorda belgilangan  chora-tadbirlarni amalga oshirish butun neft-gaz sohasini rivojlantirishning yangi yo‘nalishlarini boshlab berishi, kelgusida tarmoq qiyofasini tubdan o‘zgartirib yuborishini ta’kidladi.

“Asosiy yo‘nalishlarimizdan biri -  bu bugungi kunda “O‘zbekneftgaz”ning ochiq va shaffof moliyaviy tizimini yaratib, uni jahon bozoriga olib chiqish. Keyingi yildan yevroobligatsiyalarni chiqarishni o‘zimizning oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz”, - dedi Bahodir Sidiqov.

Sidiqov yevroobligatsiyalarning foydali tarafi foiz stavkalar oddiy kreditga qaraganda ancha past ekanini ta’kidladi.

Energetika vazirligi elektr-energiyasi narxini ko‘tarish bo‘yicha yangi taklifni tayyorlamoqda

U hozirgi qabul qilingan qarorni amalga tatbiq etilishi  investorlarga ko‘rsatib berilsa, bu foiz stavkalar bundan ham past bo‘lishi, investorlar “O‘zbekneftgaz”ning moliyaviy holatini yaxshilanishini ko‘ra bilishini qo‘shimcha qildi.

“Buning hisobiga uzoq muddatli va kam foizli moliyaviy mablag‘larni jalb  etish imkonini beradi. Bu ishlab chiqarish hajmlarimizning oshishiga bevosita ta’sir qiladi”, - dedi "O‘zbekneftgaz" AJ boshqaruvi raisi.

Eslatib o‘tamiz, prezident imzolagan qarorga ko‘ra, “O‘zburg‘uneftgaz”, “O‘zneftgazqazibolish”, “O‘zneftmahsulot” va “O‘zneftgazmash” korxonalari “O‘zbekneftgaz” tarkibiga kiritiladi va shunday yo‘l bilan xolding boshqarishda ortiqcha oraliq bo‘g‘imlar yo‘qotiladi. Neft qazib olish va gazni qayta ishlash korxonalari ham “O‘zbekneftgaz” tarkibiga kiritiladi.  

“O‘ztransgaz” esa “O‘zbekneftgaz” tarkibidan chiqarilishi bilan birga qazib oluvchi tashkilotlardan gaz xarid qiluvchi eksport qiluvchi va aholiga yetkazib beruvchi yagona tashkilotga aylanadi. Hududlarga gaz yetkazib berish bilan yangi tashkil etilayotgan “Hududgazta’minot” AJ shug‘ullanadi.