TOShKENT, 11-iyul - Sputnik. AQSh va "Tolibon" radikal afg‘on harakati delegatsiyalari Qatarda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda deyarli barcha masalalarda kelishuvga erishdilar. Ta’kidlanishicha, hal etilmagan masalalar bir yoki ikki punktni tashkil etadi, xolos. Bu haqda RIA Novostiga "Tolibon"ning Doxadagi rasmiy vakili Suxayl Shaxin payshanba kuni ma’lum qildi.
Amerika delegatsiyasi va toliblar o‘rtasidagi muzokaralar Qatarda seshanba, 9-iyul kuni, Doxadagi afg‘onlararo dialog yakunlanganch qayta tiklandi. Shundan so‘ng AQSh delegatsiyasiga boshchilik qilgan AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzad Pekinga uchgan. Xalilzad u yerdan toliblar bilan muzokaralar holati haqida bayonot berish uchun Vashingtonga yo‘l olishi kerak edi.
"Muzokaralarda muhokama qilingan barcha masalalar bo‘yicha kelishuvga erishildi, keyingi raund vaqtida muhokama etiladigan bir yoki ikki punkt qoldi, xolos", - deb aytgan Shaxin.
U shuningdek, Amerika qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqarilish muddatlari hali kelishilmaganini, ammo "tirqish torayganini" ta’kidladi.
Tolibon vakili ta’kidiga ko‘ra, AQSh bilan muzokaralar hozircha muddati aniq bo‘lmagan tanaffusdan so‘ng qayta tiklanadi.
"Tanaffus kunlar yoki haftalarni olishi mumkin", - deb qo‘shimcha qildi Shaxin.
AQSh maxsus vakili ilgariroq "Tolibon" bilan muzokaralar Qatarda to‘rt asosiy mavzuda olib borilayotganini: u o‘t ochishni to‘xtatish, amerika qo‘shinlarining mamlakatdan chiqarilishi, afg‘onlararo muloqotni o‘tkazish hamda afg‘on hududidan AQSh yoki boshqa davlatlarga hujum qilish maqsadida foydalanishdan voz kechishni qamrab olganini xabar qilgan edi.