TOShKENT, 9-iyul - Sputnik. O‘zbekiston Ekologiya qo‘mitasi 4-iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumani Sudochye ko‘llar tizimida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatlari tafsilotlarini ochiqladi.
Qo‘mita xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan 2019 yil 5-iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasida ushbu ko‘llar tizimida sodir etilgan yong‘inni barataraf etish choralarini ko‘rish, shuningdek, tabiatga yetkazilgan zararni aniqlash maqsadida tezkor guruh tuzilib voqea joyiga yuborilgan.
O‘rganish natijalariga, shuningdek, Mo‘ynoq tumani yong‘in havfsizligi bo‘limi hamda Mo‘ynoq tuman “Meteostansiya” bo‘limining xulosasiga ko‘ra, yong‘in tabiiy chaqmoq natijasida yuzaga kelib, 2019 yil 4-iyul kuni soat 15-30 atrofida Sudochye ko‘llar tizimining sharqiy-janub qismidagi Qoratereng bo‘limida orolchalardan boshlanib shamol natijasida atrofdagi qamishzorlarga va shimoliy-janub hamda qirg‘oq bo‘yi mintaqasiga tarqalgan. Yong‘in ko‘l o‘rtasidagi orolchalarda yuz berganligi va yong‘inga yaqin borishga imkoni mavjud emasligi sababli yong‘inni o‘chirish iloji bo‘lmagan. Chunki yong‘in boshlangan maydonlarda motorli qayiq yoki orolchalar usti qamish bo‘lib tag qismi suvli botqoq bo‘lib odam kirib borishi mumkin bo‘lmagan.
Yong‘in tufayli jami yongan maydon 278 gektarni tashkil etib, shundan, “Mo‘ynoq akvasanoat” DUKga qarashli maydoni 111,2 gektar, “Sudochye” ornitologik buyurtmaxonasiga qarashli maydoni 166,8 gektarni tashkil etadi.
“Sudochye ornitologik buyurtmaxonasi hududi yovvoyi holda yashovchi ondatra, o‘rdak (bir necha turlari), g‘oz, oqqush, birqozon, qoravoy, flamingo va boshqa hayvonot dunyosiga zarar yetkazilgan holat uchramadi. Chunki suvda suzuvchi qushlar va boshqa hayvonot turlari yashash makoni va ular bahor oylarida tuxum qo‘yib ko‘payadigan hudud hisoblanadi. Lekin o‘rganish davomida hayvonot dunyosi nobud bo‘lgan holat qayd etilmadi. Chunki hozirgi kunga kelib polaponlar katta bo‘lib bemalol suvda suzib yuradigan darajada o‘sib ulg‘aygan”, - deyiladi qo‘mitaning rasmiy xabarida.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumani Sudochye ko‘llar tizimidagi qamishzorlarga yong‘in tufayli tabiatga yetkazilgan zarar jami 225.435.760 so‘mni tashkil qildi.
Xabarda yong‘in 2019 yil 6 iyul kuni soat 23-00 lar atrofida o‘chirilgani qayd etilgan.