Jangarining bolalari O‘zbekistonga qaytarildi

Bolaning begonasi bo‘lmaydi  - xorijda ekstremistlar safida vafot etgan jangarining bolalari O‘zbekistonga qaytarildi.
Sputnik

TOShKENT, 7-iyul – Sputnik. Davlat Xavfsizlik xizmati Afg‘onistondan 4 nafar bolakayni vataniga qaytarishdi, deb xabar qilmoqda O‘zA.

Xabarda aytilishiga ko‘ra andijonlik Farxod Hamroqulov Rossiyada ishlab yurgan vaqtlarida ekstremistik oqimlar ta’siriga tushib qoladi. U 2012-yildan o‘z turmush o‘rtog‘i Ra’no Hamroqulova va 3 nafar farzandi bilan Ozarbayjon orqali Pokistonga ko‘chib o‘tadi.

O‘zbekiston fuqarolari qurolli mojarolar hududidan vataniga qaytarildi

Pokistonda Farxod “Turkiston islom harakati” ekstremistik guruhiga qo‘shiladi. Shu yilning avgust oyida Farxod Pokiston harbiylari bilan bo‘lgan to‘qnashuvda vafot etadi. Ra’no Hamroqulova 2013-yilda ushbu tashkilotning yana bir a’zosiga turmushga chiqadi. 2014-yilda ular Afg‘onistonga ko‘chib o‘tadi. U yerda Ra’no yana bir farzandli bo‘ladi. Bir necha yillik sargardon hayotdan so‘ng Ra’no Hamroqulova 2018-yilda og‘ir xastalikdan vafot etadi.

Ushbu yilning may oyida Ra’no Xamrokulovaning onasi Kimoxon Jakbarova Andijon viloyat DXXga murojaat qilib ularning qarovsiz qolgan nabiralarini Afg‘onistondan qaytarishda yordam berishni so‘raydi.

Ayni damda bolalar DXX yordamida Andijonga o‘z qarindoshlari bag‘riga qaytarildi. Endi ular barcha o‘zbekistonlik bolalar kabi ta’lim olish huquqiga ega bo‘lishdi.

Eslatib o‘tamiz, bundan bir oy oldin O‘zbekiston prezident Shavkat Mirziyoyev buyrug‘i bilan 156 nafar ayollar va bolalar Suriyadan olib kelingan edi.