To‘q feruza rang: O‘zbekistonda yangi rangdagi avtomobillarga talab kuchaydi

Yaqindagina o‘z nomini UzAuto Motorsga o‘zgartirgan GM O‘zbekiston o‘z mijozlariga bir qator kutilmagan yangiliklar tayyorlagan
Sputnik

TOShKENT, 5-iyul - Sputnik. Joriy yilning oxirgi choragida UzAuto Motors birdaniga uchta yangi rangdagi avtomobillarni sotuvga chiqaradi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

Bu haqda jurnalistlar uchun Asaka shahridagi avtomobil zavodiga uyushtirilgan press-turda UzAuto Motors bosh direktori vazifasini bajaruvchi Rustam Rajabov ma’lum qildi.

"Biz ranglar gammasini kengaytirishni rejalashtirayapmiz. Bu ish muntazam davom ettiriladi. Xususan, yaqin vaqtlarda yaltiramaydigan qora, xo‘l asfalt va to‘q feruza ranglardagi avtomobillar sotuvga chiqarilishi rejalashtirilgan. To‘q feruza rangdagi avtomobillarga ayniqsa, ayollardan ko‘p talab tushgan", - dedi Rajabov.

UzAuto Motors rahbari v.b. O‘zbekistonda asosan oq rangdagi avtomobillarning ommabopligini mintaqadagi iqlim tufayli aynan shu rangdagi transportga talab ko‘pligi bilan izohladi va Koreyada ham oq va qora rangdagi avtomobillar ommabopligini qo‘shimcha qilib, bu ajablanarli hol emasligini qayd etdi.