MIB xodimlari kaltaklagani bo‘yicha rasmiy ma’lumot berildi

Surxondaryoda fuqarolar MIB xodimlarini duch kelgan joylariga urib, tan jarohati yetkazishib, xizmat faoliyatini bajarishdan voz kechishga majbur qilgan.
Sputnik

TOShKENT, 5-iyul – Sputnik. Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida Majburiy ijro burosi (MIB) xodimi kaltaklanayotgani aks etgan lavha yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro burosi matbuot xizmati rasmiy bayonot berdi.

Ma’lum qilinishchia, buroning Sherobod tuman bo‘limi davlat inspektorlari A.Eshonqulov, S.Fozilov va P.Taylanovlar birgalikda 29-iyun kuni soat taxminan 11.05 lar chamasi tumandagi "G‘o‘rin-Gilambob" mahallasida yashovchi B.Normurodovning yashash xonadonida iste’mol qilingan elektr energiyasi bo‘yicha qarzdorligini aniqlash yuzasidan ko‘rik o‘tkazayotgan vaqtida, xonadon egasining farzandlari E.Berdimurodov, U.Normurodov va L.Normurodovlar birgalikda xizmat vazifasini bajarayotgan bo‘lim davlat inspektorlarining qonuniy faoliyatiga faol qarshilik qilishib, inspektorlarning duch kelgan joylariga urib, tan jarohati yetkazishgan va xizmat faoliyatini bajarishdan voz kechishga majbur qilgan.

Hodisa joyiga tuman prokurori, tuman prokuraturasi tergovchisi, tuman IIB boshlig‘i, tuman IIB EKG eksperti va boshqa tergov tezkor guruhi a’zolari chiqishgan.

   

Tuman sud-tibbiyot ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, davlat inspektori Eshonqulovga "Sog‘likning buzilishiga sababchi bo‘lgan yengil tan jarohati" va  davlat inspektori Taylanovga "Yengil" tan jarohati yetkazilgani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi  tomonidan fuqarolar E.Berdimurodov va L.Normurodovlarga nisbatan JKning 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, JPKning 221-moddasi tartibida ushlanib, tergov harakatlari olib borilmoqda.