Bishkekda kaltaklangan nigeriyalik vafot etdi - fojiali holat aks etgan video

Bishkekda qirg‘izistonlik yigit Nigeriya fuqarosi Ali Abubakirga kuchli zarba beradi. Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu fojiali holat aks etgan video paydo bo‘ldi.
Sputnik

TOShKENT, 5-iyul – Sputnik. Bishkekda kaltaklangan Cambridge School direktori, Nigeriya fuqarosi Ali Abubakir vafot etdi. Bu haqda Sputnik Qirg‘iziston xabar bermoqda.

Xabarda aytilishicha, voqea 2-iyul kuni sodir bo‘lgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, noma’lum shaxs nigeriyalik fuqaro boshiga kuchli zarba bergan, buning oqibatida u yerga yuztuban yiqilgan va hushidan ketgan.

Ushbu fojiali holat aks etgan video omma orasida tarqaldi.

Tergov ishi dastlabki ma’lumotlariga qaraganda, erkaklar markaziy savdo markaziga kirish qismida to‘qnashishgan va ular o‘rtasida janjal kelib chiqqan. Shu vaqtda erkak chet ellik fuqaroga zarba bergan.

Nigeriya fuqarosi koma holatida jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Ertasiga ushbu holat bo‘yicha shov-shuv ko‘tarilgach, bosh vazir aybdor shaxsni topish haqida topshiriq bergan va militsiya gumonlanuvchini qo‘lga olgan.

Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, Nigeriya fuqarosi Ali Abubakir o‘ziga kelmasdan 5-iyul kuni vafot etgan.

Nigeriyalik Bishkekdagi Cambridge School direktori bo‘lgan, u poytaxtdagi "Archa-Beshik" tumanidagi qabristonga dafn etiladi.

Ushbu holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.