TOShKENT, 3-iyul – Sputnik. Xalq ta’limi vazirligi Namangan viloyati, Kosonsoy tumanida joylashgan 54 ta maktab o‘qituvchilarini majburiy mehnatga jalb etilganligi haqidagi xabarlarni o‘rganmoqda. Bu haqda XTV axborot xizmati xabar berdi.
“Vazirning Huquqiy-nazorat xizmati xodimlari mazkur xabarlarni o‘rganib chiqadi va O‘zbekiston qonunchiligi doirasida ushbu vaziyatga yo‘l qo‘yganlarga chora ko‘radi”, - deyiladi vazirlikning rasmiy axborotida.
Avvalroq o‘zbek OAVda Kosonsoy tumanida bir guruh o‘qituvchilar beton quyish ishlariga majburiy jalb etilgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda pedagoglarni majburiy mehnatga jalb etgan direktor jarimaga tortilgani xabar qilingan edi.
Xalq ta’limi vazirligi o‘qituvchilarning shikoyatlarini qabul qiluvchi virtual inspektorni ishga tushirgan. O‘qituvchilar majburiy mehnatga jalb etilganida, huquqlari buzilganda yoki turli to‘lovlarga majburlangan holatlarda ovoz.uzedu.uz sayti yoki +998 99 988 10 06 telefoni va telegram raqamiga murojaatlarini yuborishlari mumkin.