Qozog‘istonda minglab ishchilar xorijiy boshliqlarni do‘pposladi

Qozog‘iston cho‘lidagi konlardan birida mahalliy ishchilar xorijiy kompaniya vakillarini do‘pposlashdi.
Sputnik

TOShKENT, 30-iyun – Sputnik. Qozog‘istonning Atirau viloyati cho‘lida joylashgan Tengiz posolkasida 3GI korxonasining minglab ishchilar korxonaning xorijiy fuqarolardan iborat rahbariyatiga qarshi namoyishga chiqdi, Sputnik Qozog‘iston xabariga asosan.

Mingdan ortiq agressiv kayfiyatdagi ishchilar korxonaga tegishli bo‘lgan avtobuslar oynalarini sindirib, xorijiy fuqarolarni do‘pposlashdi. Xabarda aytilishiga ko‘ra, xorijiy pudratchi CCEP kompaniyasining bir necha ishchisi jarohat olgan. Jarohat olganlarning umumiy soni 30 kishiga yetgan.

Ushbu tartibsizliklarga logistika bo‘limi boshlig‘i vazifasida ishlayotgan liviyalik Eli Daud (Eli Daoud) ismli fuqaroning ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirgan surati sabab bo‘lgan. Shov-shuvga sabab bo‘lgan suratda u qo‘lida ratsiya ushlab turibdi. Ratsiyaning antennasi uning orqasida turgan qozog‘istonlik ishchi qizning lablari to‘g‘risida aks etgan.

Ayni damda Tengiz posolkasi Qozog‘iston energetika vazirning o‘rinbosari Maxambet Dosmuxambetov, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi vakili, politsiya va sud vakillari yo‘l olishgan.   

Eli Daud ijtimoiy tarmoqlarda qozog‘istonliklardan kechirim so‘rab qoldirgan videosini yozib qoldirdi.