TOShKENT, 25-iyun — Sputnik. Rossiya Davlat dumasi uchinchi o‘qishda malakali migrantlar uchun Rossiya fuqaroligini olish tartibini soddalashtiruvchi qonunni qabul qildi. Hujjat parlamentning quyi palatasi saytida e’lon qilingan.
Qonun bilan malakali xorijiy fuqarolarning Rossiya Federatsiyasi fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilish uchun zarur bo‘lgan mehnat faoliyati muddati qisqartirildi.
Endilikda Rossiyada kasbi bo‘yicha bir yil faoliyat yuritgan malakali xorijiy fuqarolar Rossiya fuqaroligini olish uchun murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi. Ilgari bu muddat uch yilni tashkil qilardi.
Mazkur imtiyoz Rossiyada maxsus ro‘yxatga kiritilgan kasblar, mutaxassisliklar va lavozimlar bo‘yicha ishlaydigan mutaxassislarga beriladi.
Mazkur qonun loyihasi 2018-yil 7-iyundagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotning so‘ng Vladimir Putin topshirig‘iga binoan ishlab chiqilgan. Hujjat yuqori malakali xorijliklarni Rossiyada ishlashga jalb etishga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya prezidentining inson huquqlari bo‘yicha maslahatchisi Tatyana Moskalkova Vladimir Putinga bergan hisobotida sobiq SSSR aholisi Rossiya fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda olishi kerakligini ta’kidlagan edi.