Toshkentda pedagoglarni majburiy mehnatga jalb etgan direktor jarimaga tortildi

Aniqlanishicha, Uchtepa tumani 251-maktab direktori maktab o‘qituvchilari va voyaga yetmagan bolalarni maktab hududini obodonlashtirishga qonunga hilof ravishda jalb etgan va o‘z tushuntirish xatida mazkur holatni to‘liq tan olgan
Sputnik

TOShKENT, 22-iyun - Sputnik. Toshkent shahri Uchtepa tumanida pedagog xodimlarni majburiy mehnatga jalb etgan direktorga nisbatan ma’muriy jazo chorasi qo‘llanildi, deb xabar qilmoqda vazirlik matbuot xizmati.

Adliya vazirligi majburiy mehnat qonun bilan taqiqlanganini eslatdi

Sal oldin ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi 251-maktab direktori pedagog xodimlarni majburiy mehnatga jalb etganligi haqidagi xabar tarqalgan. Xabarda aytilishicha, maktab rahbari bir guruh o‘qituvchilarni maktab hududini tozalashga va daraxt shoxlarini tashishga majbur etgan.

O‘qituvchilar tomonidan qilingan shikoyatdan so‘ng Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan ushbu vaziyat o‘rganilgan.

Aniqlanishicha, Uchtepa tumani 251-maktab direktori F.Sodiqova maktab o‘qituvchilari va voyaga yetmagan bolalarni maktab hududini obodonlashtirishga qonunga hilof ravishda jalb etgan va o‘z tushuntirish xatida mazkur holatni to‘liq tan olgan.

O‘rganish yakunlari bo‘yicha Sodiqova MjTKning 51-moddasi ikkinchi qismi bilan aybdor deb topilib, unga nisbatan eng kam oylik ish haqining besh baravari miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanilgan.