TOShKENT, 21-iyun – Sputnik. 21-iyun kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgan Qozog‘iston bosh vaziri Asqar Maminni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Bugun ilk bor hukumat rahbarlari darajasida o‘tkazilgan Hukumatlararo komissiya majlisi savdo, investitsiyalar, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, turizm va boshqa yo‘nalishlarda istiqbolli loyihalarni ilgari surishning samarali mexanizmi ekani qayd etildi.
“Uchrashuvda qardosh mamlakatlarimiz rahbarlari darajasidagi muntazam uchrashuvlar va ishonchga asoslangan muloqot ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishga xizmat qilib, ularni aniq amaliy mazmun bilan boyitgani ta’kidlandi”, - deyilgan xabarda.
Hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish, jumladan, O‘zbekistonda Qozog‘iston yili doirasidagi qo‘shma tadbirlarni o‘tkazishga alohida e’tibor qaratildi.
Qozog‘iston Bosh vaziri Asqar Mamin ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va oliy darajada erishilgan kelishuvlarni so‘zsiz ro‘yobga chiqarish borasidagi intilishi qat’iy ekanini ta’kidladi.