Putin o‘zbeklarga tan berdi

Rossiya yetakchisining o‘zbek millati haqidagi gapiga Xitoy Xalq Respublikasi raisi ham to‘liq qo‘shilishini ma’lum qildi
Sputnik

TOShKENT, 21-iyun - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev senatning 20-yalpi majlisida so‘zlagan nutqida Rossiya prezidenti Vladimir Putin va XXR raisi Si Szin Pin bilan bo‘lgan norasmiy muloqotni, hamda yetakchilar o‘zbeklarga tan berishgani haqida esladi, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, voqea Bishkekda bo‘lib o‘tgan ShHT sammiti vaqtida ro‘y bergan.

O‘zbekistonlik artislar ishtirok etishgan konsertdan so‘ng, prezidentlar uchun norasmiy ziyofat tashkil etilgan. Mirziyoyevning aytishicha, Rossiya prezidenti o‘zbek madaniyatidan qattiq hayratlangan va Mirziyoyevga qarab, o‘zbek milliy liboslari va raqslari - tan olishga, hayratlanishga arziydigan tarixiy merosligini ta’kidlaydi.

Davrada o‘tirgan Xitoy rahbari Si Szin Pin ham Putinning gapini ma’qullagan holda "O‘zbek madaniyatini hech qaysi millatnikiga taqqoslab bo‘lmaydi", deb qo‘shimcha qilgan.

Mirziyoyev senat majlisi ishtirokchilariga o‘zbek millati haqida yaxshi gaplarni eshitish rahbar uchun naqadar maroqli ekanini bildirdi va o‘sha vaqtda "O‘sha vaqt ikkalasi ko‘zimga yaxshi ko‘rinib ketdi", dedi prezident.

Mirziyoyevning ushbu samimiyligi rahbar nutqini onlayn-kuzatib o‘tirgan jurnalistlarga ham juda manzur keldi.