Deputat: “Yangi qonunda “snos” bilan bog‘liq masalalar tartibga solinadi”

“Snos”lar qaysi paytlar va holatlarda, qanday mezonlarga ko‘ra amalga oshirilishi aniq va qat’iy belgilab qo‘yiladi.
Sputnik

TOShKENT, 21-iyun – Sputnik. O‘zbekistonda “snos” bilan bog‘liq masalalar tartibga solinadi. Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bo‘lib o‘tgan muloqotda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Klara Jumamuratova ma’lum qildi.

Blogerlarning “snos” haqidagi savoliga javob berar ekan, Qonunchilik palatasi vakili bu masalalar  tartibga solinishini aytib o‘tdi.

"O‘zboshimchalik oqibati": Samarqandda noqonuniy qurilgan ko‘p qavatli uylar buzilmoqda

“Yer uchastkalarini qanday mezonlarga asosan “snos” qilish mumkinligi qonuniy jihatdan asoslab, mustahkamlab qo‘yiladi, — dedi deputat Klara Jumamuratova. — Bu haqda “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi yangi qonun loyihasida alohida moddalar kiritilmoqda. “Snos”lar qaysi paytlar va holatlarda, qanday mezonlarga ko‘ra amalga oshirilishi aniq va qat’iy belgilab qo‘yiladi. Bundan maqsad — eng avvalo fuqarolarning manfaatlarini himoya qilish”.

Yangi qonun qabul qilingach, Uy-joy kodeksi va boshqa meyoriy-huquqiy hujjatlarga “snos” masalasini tartibga soluvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilishi ma’lum qilindi.

Deputat ayni vaqtda Uy-joy kodeksini yangi tahrirda qabul qilish uchun ishchi guruh ish olib borayotganini bildirdi.

“Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi yangi qonun qabul qilinishi natijasida xususiylashtirilgan yer uchastkalari xususiy mulk va fuqarolik muomalasi obyektlari hisoblanishi, xususiy mulk huquqi daxlsiz va u davlat tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq himoya qilinishi aytildi.