Ota-onalar DXM orqali bolalarini maktabga joylashtira olishmadi

Joriy yildan boshlab talab yuqori bo‘lgan Toshkent shahridagi 81 ta maktabda qabul Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi.
Sputnik

TOShKENT, 20-iyun — Sputnik. Bugun bolalarni umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga qabul qilish tizimi vaqtincha ishdan chiqdi. Bu haqda Davlat xizmatlari agentligi xabar qildi.

Ko‘pchilik ayrim texnik nosozliklar sabab bolalarini umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga qabul qilish uchun ariza topshira olmadi.

Xabarda qayd etilishicha, davlat xizmatlari agentligi mutaxassislari tomonidan mazkur muammo tezkorlik bilan bartaraf etilgan.  Belgilangan 81 ta maktabga qabul poytaxtning barcha Davlat xizmatlari markazlari 21-iyun kuni soat 9.00 dan boshlanadi.

Har bir bola o‘z mikrohududiga biriktirilishi kerak – Xalq ta’limi vazirligi

Xabarda tez kunlarda esa hujjatlarni onlayn tartibda my.gov.uz portali orqali olish imkoni yaratilishi qo‘shimcha qilingan.

Agentlik keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘ragan.

Maktablarga hujjatlarni Davlat xizmatlari markazi orqali topshirish uchun faqatgina 2 ta hujjat: ota-onaning pasportlari, bolaning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi talab etiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yil 7-iyun kuni Vazirlar Mahkamasining “Bolalarni davlat umumta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Hujjatga ko‘ra, joriy yildan boshlab talab yuqori bo‘lgan Toshkent shahridagi 81 ta maktabda qabul Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi.