TOShKENT, 19-iyun – Sputnik. Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida hukumat qarori loyihasi tayyorlandi.
Unga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 14-noyabrdagi 387-son qarori bilan tasdiqlangan Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalariga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.
Yangi hujjat loyihasida quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar taklif etilgan:
“Bir yoshga to‘lgan va undan katta bolaning tug‘ilganligini qayd etish tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan tug‘ilganlik haqidagi tibbiy ma’lumotnoma mavjud bo‘lganda ota-ona yoki ota-onadan birining yoxud boshqa manfaatdor shaxslarning yozma arizasi asosida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga MDH davlatlaridan tashqari boshqa xorijiy davlatlarning vakolatli muassasalari tomonidan berilgan fuqarolik holatini tasdiqlovchi hujjatlarni O‘zbekiston Respublikasining gerbli guvohnomalari bilan almashtirilishi mumkin.
Hujjatlarni almashtirish dalolatnoma yozuvlarini tiklash tartibida fuqarolarning yozma arizalariga ko‘ra, berilgan vaqti va joyi ko‘rsatilgan hujjatlar asosida va belgilangan tartibda legalizatsiya qilingan yoki apostil qo‘yilgan tiklangan dalolatnoma yozuvlarini qayd etish orqali yashash joylaridagi FHDYo organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Almashtirish paytida topshirilgan va chet el vakolatli muassasalari tomonidan berilgan hujjatlar va ularning legalizatsiya qilingan tarjimalari tiklangan dalolatnoma yozuvlarining birinchi nusxalari bilan ushbu yozuvni qayd etgan FHDYo organi arxivida saqlanadi.
O‘lim xaqidagi dalolatnoma yozuviga tuzatishlar kiritish yaqin qarindoshlar
va merosxo‘rlarning arizasi asosida amalga oshiriladi.
Vafot etgan shaxslarning tug‘ilganlik, nikoh tuzish, nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritilmaydi”.
Shu bilan birga, loyihada FHDOning yagona “elektron arxivi” axborot tizimi bilan bog‘liq bo‘lgan takliflar bayon etilgan.