Abxaziyada mahalliy fuqaro yubka kiygan shotlandiyalikni do‘pposladi

Abxaziyada mahalliy fuqaro yubka kiygan turistni do‘pposladi.
Sputnik

TOShKENT, 18-iyun – Sputnik. Abxaziyada noodatiy kiyim kiygan shotlandiyalik erkakni do‘pposlashdi, deb xabar qilmoqda Rossiya ijtimoiy tarmoqlari.

Ushbu voqea 14-iyun kuni Ritsa qo‘li yaqinida sodir bo‘lgan. Turistlar avtobusdan tushib tabiat manzaralarini tomosha qilayotgan vaqtda mahalliy yosh yigit shotlandiya erkaklarining an’anaviy kiyimi kilt (yubka) kiygan erkakka musht tushira ketgan. Turist o‘zini himoya qilishga majbur bo‘lgan.

Ushbu voqeaga ijtimoiy tarmoqlarda turlicha munosabat bildirildi. Birovlar shotlandiyalik turist borayotgan joyining urf-odatlarini bilmasligida ayblashgan bo‘lsa boshqalar abxaziyalik mezbonni “yovvoyilikda” ayblashdi. Ikkinchi guruhdagilar soni ko‘proq bo‘ldi desak xato bo‘lmaydi.

Ma’lumot uchun, Abxaziya – Kavkaz hududida joylashgan kichik respublika bo‘lib  asosan turizm va vinochilik sanoatidan daromad oladi. Respublika aholisining 64 % - nasroniylar, 14 % - musulmonlar.