TIV: “Human Rights Watch” vakili bilan sodir bo‘lgan voqea har tomonlama o‘rganilmoqda

TIV Stiv Sverdlov bilan ro‘y bergan hodisa yuzasidan munosabat bildirdi.
Sputnik

TOShKENT, 17-iyun – Sputnik. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi “Human Rights Watch” vakili bilan sodir bo‘lgan voqea o‘rganilayotganini ma’lum qildi.

O‘zbekiston TIV Hindistondagi fuqarolarga muhim ogohlantirish bilan chiqdi

Ma’lum qilinishicha, vazirlikka “Human Rights Watch” nohukumat tashkilotining O‘zbekistondagi vakili Stiv Sverdlov bilan 2019-yilning 13-iyun kuni Toshkent shahrida sodir bo‘lgan voqeaga doir murojaati kelib tushgan.

“Ayni paytda mazkur masala har tomonlama o‘rganilmoqda. O‘rganishlar yakuniga ko‘ra amaldagi qonunchilikka muvofiq tegishli choralar ko‘riladi”, - deyiladi TIV xabarida.

Xabarda qayd etilishicha, O‘zbekiston tomoni “Human Rights Watch”ning mamlakatda faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi hamda u va boshqa huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar bilan hamkorlikni davom ettiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonlik videobloger Sardor Komilov va uning sheriklari Stiv Sverdlov Toshkentda yashayotgan mehmonxonaga borgani, uni o‘rab olib, “HRW” faoliyati hamda Sverdlovning akkreditatsiyasi bo‘yicha savollar bergani tasvirlangan video tarqalgan edi.