TOShKENT, 14-iyun – Sputnik. 2019-yilning 10-14-iyun kunlari Jizzax shahrida O‘zbekiston-Qozog‘iston Qo‘shma demarkatsiya komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, uchrashuvda davlatlararo chegara demarkatsiyasi bo‘yicha yakuniy hujjatlar loyihalarini tayyorlash bo‘yicha ishlar davom ettirildi hamda Orol dengizining qurib qolgan qismidagi O‘zbekiston-Qozog‘iston Davlat chegarasi uchastkasida dala demarkatsiya ishlari bajarilishi yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralar yakunlarida delegatsiya rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi Yergeodezkadastr davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari To‘lqin Abdullayev va Qozog‘iston Respublikasi TIVning maxsus topshiriqlar bo‘yicha Elchisi Zulfiya Amanjolova tegishli Bayonnomani imzoladilar.