TOShKENT, 14-iyun – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ShHT a’zo davlat rahbarlarining sammitida davlatlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha qator takliflarni berdi.
Xususan, O‘zbekiston yetakchisi ShHT hududida iqtisodiy va transport koridorlarini rivojlantirishga qaratilgan hujjatlar tayyorlashni taklif qildi. Mirziyoyev agroinnovatsiyalarga alohida e’tibor qaratish kerakligini ta’kidlab o‘tdi.
Hamkorlikning yana bir yo‘nalishi – o‘ziga xos “ShHT yashil belbog‘i”ni yaratish. Unda zamonaviy ekologik toza texnologiyalarni tatbiq etish va almashishni nazarda tutadi.
Shavkat Mirziyoyev ShHTga a’zo davlatlarini innovatsiya va kiberxavfsizlik sohasidagi umumiy vazifa va muammolarni muhokama qilish bo‘yicha muntazam ravishda vakolatli organlarining uchrashuvi o‘tkazishni taklif qildi.
O‘zbekiston prezidenti o‘z nutqida biznes sohasida hamkorlik qilishga alohida e’tibor qaratdi.
“Biz ShHTga a’zo davlatlar ishbilarmon doiralari o‘rtasida har yili forumlar o‘tkazish orqali hamkorlikni kengaytirishni taklif qilamiz. Birinchi bunday sammitni o‘zimizda Samarqandda o‘tkazishga tayyormiz”, - dedi Mirziyoyev.
O‘zbekistonning takliflari qatorida ShHT doirasida parlamentlararo muloqoti, shuningdek, madaniyat va turizm sohasida tashabbusni qayd etildi. ShHT shaharlarida madaniy va tarixiy merosini ommaviylashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini birlashtirish va har yili a’zo mamlakatlar shaharlaridan birini ShHTning turistik va madaniy poytaxti deb e’lon qilishni taklif qildi.
O‘zbekiston rahbari nutqi yakunida Vladimir Putinga Rossiyada 2020-yil 22-23 iyulda o‘tkaziladigan navbatdagi ShHT sammitini o‘tkazishda muvaffaqqiyat tiladi.