TOShKENT, 14-iyun — Sputnik. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi mutasaddilari ishtirokida “2019 yilning dastlabki 5 oyi mobaynida prokuratura organlari faoliyati” mavzusida brifing bo‘lib o‘tdi.
Brifingda coliq organlari tomonidan bloger Ashurboyev Azizbek Abdukarimovichning telefoni hamda uning “Instagram” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasi olib qo‘yilganligi holati yuzasidan berilgan savolga javob qaytarildi.
Bosh prokuror o‘rinbosari E. Yo‘ldoshev mazkur masala yuzasidan fikr bildirib, ushbu holat Bosh prokuraturaning alohida nazoratiga olinganligi, bugungi kunda Departament tomonidan davlat idoralari xodimlarining bloger A.Ashurboyevga nisbatan sodir etgan xatti-harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida tergovga qadar tekshiruv tayinlanganligi haqida ma’lumot berdi.
“Shu o‘rinda Bosh prokuratura O‘zbekiston blogerlarini doimo qo‘llab-quvvatlashi hamda ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga tayyor ekanligini ma’lum qiladi”, - deyiladi Bosh prokuratura xabarida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda bloger reklama joylashtirish bo‘yicha uchrashuvga borib, reklama uchun 400 ming so‘mni olgan vaqtida begona shaxslar yetib kelishgani, ular o‘zlarini soliqchilar sifatida tanishtirib, telefonini olib qo‘yishgani, “Instagram”dagi sahifasining parollarini o‘zgartirib, sahifasiga ega chiqishgani, ijtimoiy tarmoqdagi boshqa sahifalaridagi yozishmalarini ham kuzatishayotganidan shikoyat qilgani haqida xabarlar tarqalgandi.