TOShKENT, 9-iyun – Sputnik. O‘tgan tunda Marg‘ilonda yirik oziq-ovqat bozori yonib ketdi, deb xabar qilmoqda Fargonaliklar telegram kanali.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, 9-iyun tun soat 3da mahalliy aholi TRZ deb atovchi oziq-ovqat bozori yong‘in ichida qolgan. O‘t o‘chiruvchilar tezda yetib kelishiga qaramasdan yong‘inni tez o‘chirishning iloji bo‘lmagan. Yong‘in 2-3 soat davom etgani aytilmoqda.
“Bozorlar Marg‘ilonda juda ko‘p yonadi, xususan, kombinat bozori 3-marta, SUM 2-marta yongan. Hamma yong‘inlar ko‘chish kerakligi haqidagi mish-mishlardan so‘ng paydo bo‘ladi. Bularning bari shunchaki tasodifmi?”, - deb yozadi Fargonaliklar kanali.
Hozircha yong‘in kelib chiqish sabablari, undan ko‘rilgan zarar miqdori va jabrlanganlar haqida ma’lumot yo‘q. Huquqni saqlash organlari ushbu hodisa yuzasidan tekshirish ishlari olib bormoqda.