Toshkentdagi barcha “Oqtepa Lavash” restoranlari yopildi– video

“Oq-tepa lavash” umumiy ovqatlanish shoxobchalarida ovqatdan zaharlanganlar soni 41 kishiga yetdi.
Sputnik

TOShKENT, 8-iyun - Sputnik. “Oqtepa Lavash” ovqatlanish tarmog‘i barcha filiallarini yopdi.

Bu haqda “Oqtepa Lavash”  MChJ rahbari Hayot G‘ulomov “Sevimli” telekanalining “Zamon” dasturiga bergan intervyusida ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda ommaviy zaharlanish yuz berganini xabar qilingan edi. Zaharlanganlardan 16 nafari o‘z kasalliklarini Mirobod tumani “Qo‘yliq-5” massivida joylashgan, 19 nafari Sergeli tumani Sergeli-8 mavzesida, 3 nafari Uchtepa tumanida, 1 nafari Shayxontohur tumanidagi Chorsu bozori hududida, 1 nafari Olmazor tumanida joylashgan “Oqtepa lavash” umumiy ovqatlanish shoxobchalarida tayyorlangan tovuqli sendvichni va yana bir nafar fuqaro buyurtma asosida keltirilgan mahsulotni o‘z xonadonida iste’mol qilganliklari bilan bog‘lashmoqda.

“Oq-tepa lavash” kompaniyasining Feysbukdagi rasmiy sahifasida bo‘lib o‘tganlar uchun javobgarlikni to‘liq zimmasiga olishini ma’lum qilgan edi.

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Toshkentdagi “Oq-tepa lavash” umumiy ovqatlanish shoxobchalarida ovqatdan zaharlanganlar soni 41 kishigayetgan.