“Duolarimiz mustajob bo‘lsin”: Moskvada Ramazon hayiti namozi ado etildi

Bugun Rossiya shaharlarida, jumladan, Moskvada musulmon olamida ulug‘ ayyomlardan biri - Ramazon bayrami keng qarshi olindi.
Sputnik

TOShKENT, 4-iyun - Sputnik. Bugun Rossiya shaharlarida musulmon olamida ulug‘ ayyomlardan biri - Ramazon bayrami keng nishonlanmoqda. Rossiya masjidlarida Ramazon hayiti namozi ado etildi.

Biz ham erta tongdan masjid sari yo‘l oldik. Ilgarilari “Prospekt mira" stansiyasi yaqinida joylashgan Moskvadagi eng yirik jome masjidga Ramazon hayiti namozi ado etish uchun borardik. Biroq bu yil Moskvaning boshqa masjidlaridagi bayram namozini ko‘rish va yo‘lga sarflanadigan vaqtni hisobga olgan holda Poklonnaya tepaligidagi G‘alaba bog‘i yaqinida joylashgan “Yodgorlik masjidi”ga (“Memorialnaya mechet”) borishga qaror qildik.

Bugun Rossiyada musulmonlar Ro‘za-hayitni kutib olmoqda

Biz masjid binosi ichkarisiga kirib, namozni oldingi saflarda ado etish ilinjida taksi chaqirtirdik, lekin chuchvarani xom sanagan ekanmiz. Biz chaqirgan taksi bir zum o‘tmay yetib keldi. Haydovchi xushchaqchaq va gapdon ekan. Masjidga qanday qilib yetib kelganimizni sezmay qoldik.

Mashinadan tushib, ko‘zimiz masjid sari shoshilayotgan olomonga tushdi. Atrof turli millat vakillariga to‘la edi. Boshida o‘zbek, tojik do‘ppisi, qirg‘iz qalpog‘ini kiygan hamda boshqa millat vakillari masjidga olib boruvchi yo‘llarni to‘ldirib borishardi. “Prospekt mira" stansiyasidagi jome masjididan farqli o‘laroq bu yerda atiga bitta tilanchi va do‘ppi va joynamoz sotayotgan sotuvchi borligi diqqatimizni tortdi. Ehtimol, boshqa yo‘lda yana bo‘lgan bo‘lsa kerak. Chunki masjidga olib keluvchi bir necha yo‘l bor edi. Bir narsani ishontirib aytishim mumkinki, masjidni bilmaydigan, hayotida ilk marotaba kelayotgan kishi ham masjidni qiynalmay topib boradi, zero metrodan chiqqan oqimga qo‘shilsangiz to‘g‘ri masjid qarshisidan chiqasiz.

“Duolarimiz mustajob bo‘lsin”: Moskvada Ramazon hayiti namozi ado etildi

Qayd etish joizki, musulmonlik burchini ado etuvchilar uchun masjidga olib boruvchi ko‘chalar ajratilgan, yo‘lning ikki chetida tartib saqlash uchun harbiylar va maxsus gvardiya askarlari saf tortib turishibdi. Shuningdek, ko‘cha chetlarida maxsus hojatxonalar ham o‘rnatilgan.

Tez orada ko‘zlangan manzilga yetib keldik. Allaqachon masjid ichi va atrofi namozxonlar bilan limmo-lim edi. Shuncha barvaqt kelib, oldinroqdan joy olishga uringanimiz behuda ekan.

Masjiddan chamasi 200-300 metr uzoqlikda ko‘cha o‘rtasida to‘xtadik. Undan uyog‘iga o‘tib bo‘lmasdi. Sababi erta tongdan, ehtimol, saharlab soat 4-5larda kelgan ibodatgo‘ylar allaqachon joylashib bo‘lishgandi. Chunki biz soat 6 da manzilga kelib, bu manzaraning guvohi bo‘ldik.

Rossiya bosh muftiysi musulmonlarni Ro‘za - hayit bilan tabrikladi

Biz kelgan vaqt imom ma’ruzani boshlab yuborgan edi.  Ramazon hayiti namozini ado qilishga yig‘ilganlar o‘z joynamozini — kimdir o‘zi bilan uyidan olib kelgan, yana kimdir shu yerdan sotib olgan — bir tekis qilib to‘shab, saf-saf bo‘lib o‘rnashdi.

“Duolarimiz mustajob bo‘lsin”: Moskvada Ramazon hayiti namozi ado etildi

Imom Ramazon oyi fazilatlari, ushbu muqaddas oyda qilingan toat-ibodatlar qabul bo‘lishi, kimlar ro‘za tutishdan ozod qilingani, Islom dinining tinchlik, ezgulik dini ekanligi haqida ma’ruza qilganidan so‘ng hayit namozi ado etildi. Hayit namozi ado etilgach, barcha namozxonlar bir-birlarini bayram bilan qutlab, ushbu kunlarga yetkazganiga shukr qilib, yurt tinchligi va farovonligi, farzandlar kamolini Yaratgandan so‘rab duolar qildilar. Ushbu saodatli kunlarda Allohdan tutgan ro‘zalarini qabul, ibodatlarini maqbul va duolarini mustajob bo‘lishini so‘radilar.

“Duolarimiz mustajob bo‘lsin”: Moskvada Ramazon hayiti namozi ado etildi

Ramazon hayitingiz muborak bo‘lsin!

Ma’lumot uchun: Poklonnaya tepaligidagi masjid Ulug‘ Vatan urushida halok bo‘lgan musulmon jangchilar xotirasiga bag‘ishlab, 1997-yilda qurilgan qurilgan.