Aholiga ish topib berish borasida ishlarimiz qoniqarsiz – Kudbiyev

Norasmiy bandlik orasida qariyb 2,5 mlnga yaqin fuqarolar doimiy ravishda chet elda faoliyat yuritishadi – Sherzod Kudbiyev.
Sputnik

TOShKENT, 4-iyun – Sputnik. Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev bugun Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan matbuot anjumani davomida O‘zbekistonda norasmiy band bo‘lgan fuqarolarning 2,5 millionga yaqinini doimiy ravishda chet elda faoliyat yuritishini aytib o‘tdi.

O‘zbekistonda qaysi kasb egalari eng ko‘p oylik olishlari ma’lum bo‘ldi

Sputnik O‘zbekiston muxbiri xabari asosida.

"O‘zbekistonda yetarli ish o‘rinlarini yaratib bera olmaganimiz, fuqarolarimizga sharoit qilib bera olmaganligimiz uchun bunday holat yuzaga kelishida biz, ya’ni bandlik vazirligi aybdormiz. Qo‘limizda shuncha imkoniyatlar bo‘la turib, fuqarolarimizga ularning ijtimoiy muhofazasi, bandligini ta’minlash, mehnat bozorida talab etiladigan kasblar bo‘yicha qayta tayyorlab, ish topib berish nuqtayi-nazaridan ishlarimiz qoniqarsiz, deb o‘ylayman", - dedi Kudbiyev.

Vazir so‘zlariga ko‘ra, bandlik organlari yetarli darajada fuqarolarga xizmat ko‘rsata olmagani oqibatida ishsizlik darajasi deyarli 9,3 foizga yetgan.

"Eng yomoni ish beruvchilarni qanoat hosil qilmaganlik sindromi - ya’ni 1,5 mlnga yaqin ishsizlarimiz bor, aniq raqami - 1,391 ming, lekin shu bilan birga 150 mingga yaqin o‘rtacha oylik to‘laydigan vakansiyalarni band qilish uchun rezume topib bera olmayapmiz. Oddiy mutaxassisliklar - IT-mutaxassislari, veterenar, tikuvchi, traktorchi ya’ni mexanizatorchilar yetishmayapti. Mana bug‘doy yig‘im-terimi boshlanmoqda, lekin zamonaviy traktorlarni haydaydigan mutaxassis mexanizatorchilar yetishmayapti", - deb qo‘shimcha qildi vazir.