TOShKENT, 3-iyun – Sputnik. O‘zbekiston Adliya vazirligi tomonidan respublika fuqarolarining mehnat huquqlariga rioya etilishini o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazildi. So‘rov natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonliklar dam olish kunlari va bayram kunlari ishlashga majbur bo‘lmoqda. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, konstitutsiya bilan o‘rnatilgan ushbu kafolatga amalda rioya qilinishi adliya organlari tomonidan o‘rganilgan va baho berilgan.
“Tahlillar joylarda bu borada ayrim tizimli kamchilik va muammolar mavjudligini ko‘rsatdi. Xususan, xodimlarning ish vaqtiga rioya etmaslik, haq to‘lamasdan qo‘shimcha ishga jalb qilish, ish haqini vaqtida to‘lamaslik yoki ish haqidan asossiz ushlab qolish, shuningdek, yetarli mehnat sharoitlarini ta’minlamaslik kabi salbiy holatlar kuzatildi”, - deyiladi xabarda.
So‘rovga ko‘ra, ish vaqtiga rioya qilmaslik, dam olish va bayram kunlari ishga chiqishga majburlash holatlari ko‘proq bank moliya (32,1%), ta’lim (30,5%) va sog‘liqni saqlash (28,2%) sohalarida mavjudligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Mehnat vazirligi fuqarolarni Koreyaga ishga yuborish bo‘yicha yangi tizimni taqdim etdi
Hududlar misolida esa xodimning ish vaqtidan ortiq yoki dam olish va bayram kunlari qo‘shimcha mehnatga jalb etish holatlari ko‘proq Samarqand (40,5%), Andijon (34,5%) hamda Toshkent viloyatlariga (32,9%) to‘g‘ri kelishi qayd etildi.
Adliya vazirligi xodimning roziligisiz uni vazifasiga kirmaydigan ishlarga jalb qilish holatlari hanuzgacha kuzatilayotganligi tashvishli holat ekaninini qayd etgan.
Ma’lum qilinishicha,bBu kabi holatlar ko‘p hollarda moliya (19,3%) va xo‘jalik boshqaruvi organlarida (19,1%) hamda ta’lim tizimida (16,8%) uchrashini kuzatish mumkin ekan.
Xabarda ish beruvchilar tomonidan xodimning roziligisiz uning ish haqidan ushlab qolinayotganligi holatlari hamon davom etayotganligini ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda ham e’tirozli muhokamalarga sabab bo‘layotgani qayd etilgan.
Mazkur turdagi qonunbuzilishlar ko‘pincha banklarda (23%), sog‘liqni saqlash (26,3%), moliya (23,9%) va ta’lim(20%) sohalarida uchrashligini ko‘rish mumkin.
Bundan tashqari, o‘tkazilgan tadbirlarda ishtirokchilarning 16,6 foizi ish joyida mehnatni muhofaza qilish (xavfsizligi, hayoti va sog‘lig‘ini saqlash) choralari ko‘rilmaganligini ta’kidlashgan.
Adliya vazirligi barcha korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlarini avvalo qonunlarga itoat etishga, qo‘l ostidagi xodimlarning mehnat huquqlariga rioya etishga, shuningdek, mehnat munosabatlarini o‘zaro ishonch va hurmat ruhida barpo etishga chaqirgan hamda mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzgan shaxslar javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirgan.