Putin kelajakda kim jahon hukmdori bo‘lishini aytdi

Kim kelajakda sun’iy idrok sohasida monopoliyaga erisha olsa – u dunyo hukmdori bo‘ladi - Putin.
Sputnik

TOShKENT, 30-may – Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskvadagi 21-dasturlash maktabiga tashrifi davomida “Sun’iy idrok”ni rivojlantirish kelajakda qanchalik muhim ahamiyatga ega ekanini aytdi, RIA Novosti xabariga asosan.

“Sun’iy idrok mexanizmlari, qisqa vaqt ichida ulkan hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilib,  real vaqtda tezkor qaror qabul qilish imkoniyatini beradi. Bu esa ulkan ustuvorlik va samaralik degani. Agar kelajakda biror kim sun’iy idrok sohasida monopoliyaga erisha olsa, buning natijasi ayon – u dunyo hukmdori bo‘ladi”, - dedi Rossiya prezidenti.

Vladimir Putin aytishiga ko‘ra, texnologik yetakchilik uchun kurash, avvalombor sun’iy idrok sohasida – allaqachon global konkurensiya maydoniga aylangan. Ushbu sohada yangi mahsulotlar yaratish – geometrik progressiya masshtabida sodir bo‘lmoqda.

Facebook asoschisi o‘z uyi uchun sun’iy ong yaratadi

Rossiya prezidenti so‘zlariga ko‘ra, dunyoning ko‘plab mamlakatlari sun’iy idrok sohasida allaqachon o‘z strategiyasini qabul qilgan. Ushbu sohada qilingan har bir ixtiro iqtisod, boshqaruv, sog‘liqni saqlash va insonlar kundalik hayotida misli ko‘rilmagan darajada ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

“Biz ham sun’iy idrok sohasida o‘zimizning texnologik suverenitetimizga ega bo‘lishimiz kerak. Bu kelajakda bizning biznes, iqtisod, hayotimiz sifati va mudofaa qobiliyatimizning o‘ta muhim shartidir”, - dedi Putin.

Rossiya prezidenti sun’iy intellekt nafaqat biror tor sohaga taalluqli bo‘lishi, balkim inson miyasi kabi ishlaydigan, ulkan samarali universal yechimlardan iborat bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.