O‘zbekiston TIV Xitoyga o‘qishga borib, aldangan fuqarolar shikoyatini o‘rganmoqda

Oldinroq bir qator OAVda Xitoy Xalq Respublikasiga o‘qish uchun jo‘nab ketgan O‘zbekiston fuqarolarining videomurojaatlari tarqalgan edi
Sputnik

TOShKENT, 25-may - Sputnik. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Xitoyga o‘qishga ketgan fuqarolar tomonidan yo‘llangan videomurojaatlar masalasini nazoratga oldi, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

Xitoyda shunday vaziyatga tushib qolgan o‘zbekistonlik o‘nlab qizlar bor - TIV

Bir qator OAVda Xitoy Xalq Respublikasiga o‘qish uchun jo‘nab ketgan O‘zbekiston fuqarolarining videomurojaatlari tarqaldi.

Mazkur murojaatlarda ular o‘zlarini yuborgan agentlik tomonidan shartnomaning ayrim bandlari bajarilmayotgani borasida shikoyat qilishgan.

"O‘zbekistonning Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasi murojaatchilar bilan aloqa o‘rnatdi va mazkur masalani nazoratga oldi.

TIV Konsullik-huquqiy departamenti O‘zbekiston fuqarolarining ularni xorijga jo‘natgan kompaniyaga nisbatan talablari qonuniyligini tekshirib ko‘rish uchun vakolatli organlarga so‘rovnoma yo‘lladi va hozirda mazkur idoralarning tegishli xulosasini kutmoqda", - deyiladi xabarda.

Ilgariroq, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Xitoyda qamoqqa olingan o‘zbekistonlikni vatanga qaytarishga yordam bergan edi.