"Namangan Flowers-2019": Namanganda misli ko‘rilmagan gullar paradi o‘tkaziladi

Namangandagi anjumanga bir qator xorijiy OAV vakillari, jumladan, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Eron, Hindiston va Qirg‘iziston davlatlarining axborot agentlik hamda televideniyelari tashrif buyurishi ko‘zda tutilgan.
Sputnik

TOShKENT, 24-may - Sputnik. Joriy yil 26-maydan 1-iyunga qadar Namanganda 59-marotaba "Gullar bayrami" o‘tkaziladi, deb xabar qildi ” Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati.

Xumo qushi, ulkan ayol va delfinlar: Toshkentda ilk bor "Gullar festivali" o‘tkazilmoqda

O‘tgan yil bayramda ishtirok etish uchun Janubiy Koreya, Rossiya, Turkiya, Gollandiya, Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘iston, Turkmaniston singari ko‘plab davlatlardan mehmonlar kelishgan bo‘lsa, bu yil ham tadbirni hamkorlikda tashkil etish va tomosha qilish uchun ko‘plab mutaxassislar hamda sayyohlar tashrif buyurishi rejalashtirilmoqda.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyati jamoatchiligi bilan saylovoldi uchrashuvida “Gullar bayrami”ni xalqaro miqyosga olib chiqish yuzasidan bildirgan taklifini viloyat ahli tezkor ravishda ro‘yobga chiqarishdi, deyiladi xabarda.

Joriy yilda Namangan shahrining markaziy ko‘chalari bo‘ylab "Gullar paradi" hamda Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida tashkil etiladigan "Namangan Flowers-2019" tadbirining dasturiga ko‘ra, anjuman gul bilan bezatilgan 100 dan ortiq avtomashinalar karvonining shahar ko‘chalari bo‘ylab sayridan boshlanadi.

Bobur bog‘ida gulchi-tadbirkorlar, shahardagi korxona va tashkilotlar tomonidan tashkil qilingan gullar ko‘rgazmasi o‘tkaziladi.

Bayramda 150 nafardan ortiq gulchi-tadbirkor, 100 dan ortiq korxona va tashkilot tomonidan gullar ko‘rgazmasi namoyish etiladi. O‘tgan yili bayramda gullardan kompozitsiyalar yaratish uchun Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘iga 3,5 million tup gul ko‘chati ekilgan edi. Bu yil ularning soni 5 milliondan oshgan.

Namangandagi anjumanga bir qator xorijiy OAV vakillari, jumladan, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Eron, Hindiston va Qirg‘iziston davlatlarining axborot agentlik hamda televideniyelari tashrif buyurishi ko‘zda tutilgan.