Toshkentdagi 17-maktab o‘quvchilarining ota-onalari jarimaga tortildi

XTV Yunusobod tumanidagi 17-umumta’lim maktabining o‘quvchilari o‘rtasida yuz bergan nizoli holatni o‘rganib chiqdi. O‘quvchilarning ota-onalari jarimaga tortildi, maktab direktori va o‘rinbosarlariga esa hayfsan e’lon qilindi.
Sputnik

TOShKENT, 23-may – Sputnik. Xalq ta’limi vazirligining Huquqiy-nazorat xizmati tomonidan Toshkent shahri, Yunusobod tumanidagi 17-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi L.M va 10-sinf o‘quvchisi S.A o‘rtasida yuz bergan nizoli holat o‘rganib chiqildi. Bu haqda XTV axborot xizmati xabar berdi.

XTV maktablarga ota-onalardan tilxat olishga ko‘rsatma bermaganini ma’lum qildi

Xabarda qayd etilishicha, joriy yilning 13-aprelida L.M va S.A o‘rtasidagi janjalni shu maktabning 9-sinf o‘quvchisi Sh.Sh uyali telefoni orqali tasvirga olgan hamda videotasmani telegram ijtimoiy tarmog‘idagi “Do‘stlar” guruhiga, shuningdek, “Gonzo” akkauntiga instagramga tashlagan.

Mazkur holat ko‘rib chiqilgan va L.M.ning ota-onasi farzand tarbiyasiga yetarli darajada e’tibor bermagani uchun 202 730 so‘m jarimaga tortilgan.

Shuningdek, XTV tekshiruvi natijasida maktab direktori tomonidan janjalning boshqa ishtirokchilarini hisobotdan yashirgani, tuman va shahar XTB hamda IIBga xabar berilmagani aniqlangan.

XTV: “O‘qituvchi o‘quvchini bir necha bor turtgan, lekin urmagan”

Ushbu hujjatlar ko‘rib chiqilgan va 10-sinf o‘quvchisi S.A.ning ota-onasi farzand tarbiyasiga befarqligi uchun 405 460 so‘m miqdorida jarimaga tortildi.

Bundan tashqari, tegishli hujjatlar asosida joriy yilning 10-may kuni Mirzo Ulug‘bek tumani Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyasi 9-sinf o‘quvchisi Sh.Sh.ning ota-onasi farzand tarbiyasiga befarq bo‘lganligi va maktab hududida mobil telefondan foydalanish qoidalarini buzganligi uchun 608 190 so‘m miqdorida jarimaga tortilganini ma’lum qilindi.

XTV ta’lim muassasasida o‘quvchilar tomonidan huquqbuzarlikni sodir etilishining oldini olishga yetarli darajada e’tibor qaratmaganliklari, o‘quvchilar axloqi ustidan nazoratni susaytirganliklari uchun maktab direktori hamda o‘rinbosarlariga Mehnat Kodeksining 181-moddasi 1-bandiga muvofiq hayfsan e’lon qilinganini qo‘shimcha qildi.