Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot - prezident qarori

Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazining qo‘shimcha vazifalari belgilandi.
Sputnik

TOShKENT, 23-may – Sputnik. “Elektron hukumat” tizimi doirasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish sifatini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida prezident qarori qabul qilindi.

Bosh vazir qabulxonalari kotibiyatiga mudir tayinlandi

Qaror bilan Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazining qo‘shimcha vazifalari belgilandi.

Markaz faoliyati davlat va xo‘jalik boshqaruv organlariga, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga, shuningdek, O‘zbekistonning rivojlanish davlat dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan barcha loyihalarga tatbiq etiladi.

Davlat xizmatlari uchun to‘langan davlat bojlari va yig‘imlar summasining 10 foizi miqdoridagi mablag‘lar, shuningdek, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlaridan tashqari, Yagona billing tizimi orqali davlat xizmatlari ko‘rsatilganligi va boshqa to‘lovlarni amalga oshirish uchun to‘langan davlat bojlari va yig‘imlar summasining 1 foizi miqdoridagi mablag‘lar Markazning vakolatli bankdagi maxsus hisob raqamiga o‘tkaziladi.

2019 yil 1-iyundan boshlab qiymatidan qat’i nazar, loyihalarning texnik topshiriqlari va tender hujjatlari Markazga ekspertizaga kiritiladi.

Ekspertizadan o‘tkazish uchun loyiha cheklangan qiymatining 0,5 foizi miqdorida, biroq eng kam ish haqining 100 baravaridan ortiq bo‘lmagan miqdorda to‘lov undiriladi.

Markaz 2022-yil 1-yanvargacha barcha turdagi soliqlar va majburiy to‘lovlardan ozod etiladi.