TOShKENT, 20-may – Sputnik. Qozog‘istonda 4 nafar O‘zbekiston fuqarosi joylashgan “Lada Largus” yengil avtomobili ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.
TIV xabariga ko‘ra, YTH 19-may kuni Mang‘istau viloyati "Beyneu-Tajen" avtomagistralining 82-kilometrida sodir bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, “Lada Largus” yengil avtomobilida 7 ta odam, jumladan, 4 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan.
Xabarda YTH oqibatida voqea joyida Turkiya fuqarosi vafot etdi, qolganlar Beyneu tuman kasalxonasiga joylashtirilgani va ayni paytda O‘zbekiston fuqarosi Ashirov Bobomurod Bazarboyevich mazkur tibbiy muassasaning jonlantirish bo‘limida qolayotgani qayd etilgan.
Qolgan jarohatlanganlarga, jumladan, O‘zbekiston fuqarolariga kasalxonadan ruxsat berilgan.
Hozirda Beyneu tumani politsiya bo‘limi tomonidan mazkur masala o‘rganilmoqda.
Jarohatlangan o‘zbekistonliklarga amaliy ko‘mak berish, jumladan, B.Ashirovga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish uchun Elchixona Mang‘istau viloyati va Beyneu tumani ma’muriyati bilan aloqa o‘rnatgan.
Shuningdek, ayni paytda fuqarolarni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.