O‘zbekiston xalq artisti Ortiq Otajonov vafot etdi

O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston va Turkmaniston xalq artisti Ortiq Otajonov 72 yoshida vafot etdi
Sputnik

TOShKENT, 17-may – Sputnik. Bugun O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston va Turkmaniston xalq artisti Ortiq Otajonov 72 yoshida vafot etdi. Bu haqda xonanda Anvar Sobirov Instagram’dagi sahifasida ma’lum qildi.

Ortiq Otajonov 1947-yil 30-yanvar kuni Xorazm viloyati Bog‘ot tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston (1991 y.), Turkmaniston va Qoraqalpog‘iston (1993 y.) xalq artisti. Urganch musiqa bilim yurtini (rubob sinfi bo‘yicha, 1967 y.) va Toshkent madaniyat instituti (1980 y.)ni tugatgan. 

Katta sahnalarda Ortiq Otajonov 1968-yildan 1997-yilga qadar faoliyat olib borgan. Xonandaning “Umr o‘tar”, “Lazgi”, “Boshqacha”, “Kelsun, kelsun”, “Dilbar”, “Yurishlaring” kabi qo‘shiqlari haqiqiy zamonaviy mumtoz qo‘shiqlarga aylangan.

Sputnik O‘zbekiston tahririyati marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etadi.